III shaxmat paralimpiadasida O‘zbekiston yangi rekordni qayd etdi
Shu kunlarda qadimiy va hamisha navqiron Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi doirasida III shaxmat paralimpiadasi musobaqalari o‘tkazilmoqda.
Kecha dunyo shaxmat ishqibozlari e’tibor markazida bo‘lgan musobaqaning tantanali ochilish marosimi hamda dastlabki tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Aytish lozimki, bu yilgi para shaxmat olimpiadasida 31 mamlakatning 41 ta jamoasi ishtirok etmoqda.
Bu, matonat va iroda timsoli bo‘lgan para shaxmat olimpiadasi tarixidagi eng ko‘p jamoa ishtirok etayotgan olimpiada ekanligi bilan ahamiyatlidir.
Boisi, Serbiya poytaxti Belgradda tashkil etilgan birinchi para shaxmat olimpiadasida 26 ta, bundan ikki yil muqaddam Qozog‘istonning Ostona shahrida ushbu yo‘nalishdagi musobaqada 34 ta jamoa ishtirok etganiga e’tibor qaratsak, Samarqand musobaqalari para shaxmat olimpiadasida yangi rekordni qayd etdi, deyish mumkin.

Bevosita musobaqalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, musobaqaning ilk turida Vatanimiz sharafini himoya qilayotgan O‘zbekiston para shaxmat jamoalari quyidagi natijalarni qayd etdi.
Matonatli va salohiyatli shaxmatchilarimiz Ahadxon Kimsanboyev, Marsel Shayusupov, Sirojiddin Zayniddinov va Selbi Kakishovadan iborat O‘zbekiston 1 jamoasi Uganda jamoasini 4:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, O‘zbekiston-3 jamoasi Venesuelaga qarshi murosasiz bahsda 2,5:1,5 hisobida zafar quchdi. O‘zbekiston-2 jamoasi esa musobaqaning eng kuchli terma jamoalaridan biri sanalgan Hindiston terma jamoasiga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Bugun, 12-sentabr kuni III shaxmat paralimpiadasining 2-turida Ahadxon Kimsanboyev, Marsel Shayusupov, Sirojiddin Zayniddinov va Selbi Kakishovadan iborat O‘zbekiston-1 terma jamoasi AQSH para shaxmatchilari bilan kuch sinashadi.
Shuningdek, mazkur turda O‘zbekiston-2 jamoasi “IPCA” jamoasi bilan, O‘zbekiston-3 jamoasi esa Hindiston para shaxmatchilariga qarshi dona suradi.
Eslatib o‘tamiz, 7 ta turdan iborat III shaxmat paralimpiadasi musobaqalari 17-sentabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA