Tennischilarimiz keyingi bosqichda
Avstraliyada “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi “Australian Open – 2016” turnirining o‘smirlar o‘rtasidagi bahslarida ishtirok etayotgan Jo‘rabek Karimov chorak finalga chiqdi.
Avstraliyada “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi “Australian Open – 2016” turnirining o‘smirlar o‘rtasidagi bahslarida ishtirok etayotgan Jo‘rabek Karimov chorak finalga chiqdi.Nufuzli musobaqaning yakkalik bahslarida J.Karimov ikkinchi davrada gonkonglik Entoni Tangni 6:4, 6:4, uchinchi davrada Janubiy Koreya vakili Chan Oxni 6:4, 6:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Chorak finalda u yaponiyalik Yosuke Vatanuki bilan kuch sinashadi.
Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) tomonidan Qozog‘iston va Turkiyada tashkil etilgan turnirlarning yakkalik va juftlik bahslarida ham tennischilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Qozog‘istonda o‘tayotgan musobaqaning birinchi davrasida Sanjar Fayziyev rossiyalik Igor Perunovni har ikkala setda 6:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Navbatdagi bahsda u rossiyalik yana bir tennischi Denis Matsukevichga qarshi kortga chiqadi.
Juftlik bahslarida S.Fayziyev qozog‘istonlik sherigi Timur Xabibulin bilan ilk raqiblari serbiyalik Ivan Biyelika va xorvatiyalik Duje Kekez ustidan g‘alaba qozondi. Endi ular chorak finalda germaniyalik Pirmin Xayenle va xorvatiyalik Nino Serdarusich bilan bahslashadi.
Turkiyada xotin-qizlar o‘rtasida o‘tayotgan xalqaro turnirning juftlik bahslarida Vlada Yekshibarova turkiyalik Basak Eraydin bilan dastlabki davrada mezbon tennischilar Kemre Anil va Deniz Paykochni 6:1, 6:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. V.Ekshibarova hamda B.Eraydin musobaqaning chorak finalida belaruslik Margauks Boviy va AQSh vakili Teresa Londol juftligi bilan raqobatlashadi.