Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda
Joriy yil 28 - 29-sentabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumi bo‘lib o‘tadi.
Ayni vaqtda “Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlarga 60 yil va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaga 40 yil: qadr-qimmat, tenglik va barqaror rivojlanish yo‘lidagi global sheriklik” mavzusida o‘tkaziladigan ushbu nufuzli xalqaro forumga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Keyingi 10 yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yangi O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi eng dolzarb muammolarga bag‘ishlangan Samarqand forumlarini o‘tkazish yaxshi an’anaga aylandi.
Binobarin, davlatimiz rahbarining murojaatlarida, dastavval, yurtimizda ilk bor 2018-yilda o‘tkazilgan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi jahon amaliyotiga o‘ziga xos “Samarqand ruhi”ni olib kirgani e’tirof etilgani bejiz emas.
Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumi O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 16-fevralda qabul qilingan “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni doirasida tashkil etilmoqda.
Bo‘lajak forum BMTning 1966-yil 16-dekabrda qabul qilingan ikkita asosiy hujjati – Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 60 yilligiga, Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40 yilligiga, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 30 yilligiga bag‘ishlanadi.
Forumning asosiy g‘oyasi – inson qadri, tenglik va barqaror rivojlanish yo‘lida global hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Samarqand forumining muhim yubiley sanalari nishonlanayotgan yilda o‘tkazilishi O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga izchil sodiqligini va inson huquqlari bo‘yicha global muloqotni rivojlantirishga amaliy hissa qo‘shishga intilishini tasdiqlaydi.
N.Abduraimova,
O‘zA