Tennis: Polina Kudermetova Londonda porlamoqda
Tennischilarimiz uchun London kortlaridagi bellashuvlar omadli o‘tmoqda
London shahrida tennis bo‘yicha "Katta dubulg‘a" turkumiga kiruvchi, umumiy mukofot jamg‘armasi 86 million dollarni tashkil etgan Uimbldon turnirining saralash bahslari davom etmoqda. Unda mamlakatimiz sharafini Polina Kudermetova hamda Mariya Timofeyeva himoya qilmoqda.
Saralashning navbatdagi bosqichida Polina Kudermetova amerikalik Klervi Ngunouye ustidan 6:1, 6:2 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, Mariya Timofeyeva ukrainalik tennischi Veronika Podrezni 6:4, 6:2 hisobida taslim etdi. Endi saralashning so‘nggi hal qiluvchi final o‘yinida Mariya Buyuk Britaniya vakilasi Xizer Miriam Uotson bilan, Polina esa neytral tennischi Alina Charayevaga qarshi kortga chiqadi.
Ma’lumot uchun, London ochiq chempionatining yakkalik bahslarida asosiy to‘r o‘yinlari 29-iyun kuni boshlanib, 12-iyulga qadar davom etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA