Tehron universiteti bilan hamkorlik o‘rnatildi
30 noyabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Tehron universiteti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu universitet xalqaro reytinglarda dunyodagi nufuzli 600 talik qatoridan joy olgan.
Hujjat Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Hamid Nayrobodiyning Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga tashrifi chog‘ida imzolandi.
Elchi Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan samarali tashqi siyosat tufayli O‘zbekiston xorijiy davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlagani, jumladan, Eron Islom Respublikasi bilan ham turli sohalardagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Koronavirus pandemiyasi davrida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar parlament, vazirlik va idoralar doirasida onlayn tarzda muvaffaqiyatli davom etayotgani hamkorlikdagi istiqbolli rejalarni o‘z vaqtida amalga oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuvda Eron-afg‘on filologiyasi kafedrasi professori Ahmadjon Quronbekovning “Navoiy Xamsasidan ma’nolar xazinalari” nomli monografiyasi taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur monografiya Tehron universiteti professori Vakiliy Fard muharrirligida joriy yili Eronda nashr qilindi.

Hamid Nayrobodiy kafedra faoliyati, uning qoshidagi kutubxona, mavjud adabiyotlar bilan tanishdi. Kutubxona fondiga Eron elchixonasi tomonidan eronshunoslik sohasiga oid 80 nomdagi adabiyotlar taqdim etildi.

Elchi universitetda eronshunoslikka berilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi. Universitet va Eron elchixonasi universitetda Eronshunoslik markazini ochish masalasini yaqin kelajakda ko‘rib chiqishga kelishildi.
Avval xabar qilinganidek, shu yil 31 oktyabrda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Alloma Tabotaboiy universiteti bilan hamkorlik shartnomasi imzolab, Eron oliy ta’lim muassasalari bilan munosabatlariga tamal toshi qo‘yilgan edi (http://uza.uz/uz/posts/tdshu-navbatdagi-khal-aro-amkor-davlat-eron-31-10-2020 ).
O‘tgan davrda universitet bilan qator tadbirlar o‘tkazishga erishildi. Eronshunos professor Ahmadjon Quronbekov Alloma Tabotaboiy universiteti tashkil etgan “Xalqaro fors tili o‘qituvchilari ijodxonasi” nomli xalqaro tadbirda, katta o‘qituvchi Nozima Hodiyeva “Dunyoda tinchlikni ta’minlashda ayollar va imkoniyatlar” mavzuidagi xalqaro tadbirda ma’ruza bilan ishtirok etdi.

TDSHUda o‘tkazilgan “Jahon turkologiyasining buyuk obidasi “Qutadg‘u bilig” va uni o‘rganishning dolzarb masalalari” mavzuidagi xalqaro konferensiyada mazkur universitetning Turkologiya kafedrasi mudiri, professor Mehdi Rezai o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
Elyor Mahmudov,
TDSHU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori