Taxiatoshlik yoshlar Surxondaryoda
Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Surxondaryo viloyatiga biriktirilgan Taxiatosh tumanining bir guruh yoshlari Jarqo‘rg‘on tumanidagi harbiy qismda tashkil etilgan “Jasorat maktabi”ning o‘n kunlik o‘quv-yig‘inida ishtirok etish uchun Termiz shahriga keldi.
Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov yoshlar bilan uchrashib, ularning taassurotlari, qiziqishlari va kelgusidagi rejalarini tingladi.

Ochiq muloqot chog‘ida shuningdek, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etib, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash xususida fikr almashildi. “Jasorat maktabi” loyihasining yoshlar hayotidagi o‘rni va ahamiyati alohida ta’kidlanib, bunday loyihalar yoshlarning jismoniy va ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini mustahkamlashi, Vatanga sadoqat, jasorat va mas’uliyat tuyg‘ularini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Taxiatoshlik yoshlar viloyatdagi tarixiy obidalarni ziyorat qildi. Muzeylarda bo‘lib, qadimiy voha tarixi va rivojlanish bosqichlari bilan tanishdi.

Viloyatga Qoraqalpog‘iston Respublikasidan biriktirilgan taxiatoshlik yoshlar o‘n kun davomida Jarqo‘rg‘on tumanidagi harbiy qismda tinchligimiz himoyachilarining hayot tarzi bilan yaqindan tanishib, harbiy va sport mashg‘ulotlarida, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa qiziqarli tadbirlarda ishtirok etadi. Jismonan toblanib, ma’naviy-ruhiy dunyosini yanada boyitadi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri