JDS dasturining yangi bosqichi: sun’iy intellekt, “aqlli shaharlar” va zamonaviy boshqaruv
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikda inson kapitalini rivojlantirish, davlat xizmatchilarining kasbiy salohiyatini yuksaltirish va ilg‘or xalqaro tajribani davlat boshqaruvi amaliyotiga joriy etish ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Mazkur yo‘nalishda Yaponiya xalqaro hamkorlik markazi ((JICE) bilan Inson resurslarini rivojlantirish stipendiya dasturi – JDS doirasidagi hamkorlik izchil davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi direktori v.b. U. Husainov JICEning O‘zbekistondagi JDS loyihasi ofisi mintaqaviy loyiha rahbari Tomomi Igarashi bilan uchrashdi.
Muloqot davomida JDS dasturini yangi rivojlanish ustuvorliklari asosida takomillashtirish, uning qamrovini kengaytirish hamda O‘zbekiston davlat sektori uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, JDS dasturi uchun 2027-2028 o‘quv yilida magistraturaga qabul jarayonlarini tashkil etish, dasturni takomillashtirish va yuqori malakali nomzodlarni jalb etish, ta’lim yo‘nalishlarini ekologik barqarorlik, iqlim o‘zgarishlariga moslashuvchanlik va boshqa zamonaviy rivojlanish ustuvorliklariga moslashtirish, Yaponiya tajribasini o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish – seysmik xavflarni boshqarish, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik, barqaror infratuzilma, raqamli egizaklar (Digital Twins) GIS hamda intellektual transport tizimlari kabi yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish, JDS bitiruvchilari salohiyatidan samarali foydalanish, ularning O‘zbekistonga qaytgach kasbiy rivojlanishi va davlat boshqaruvi tizimiga qo‘shayotgan hissasini tizimli monitoring qilish, shuningdek, istiqbolli bitiruvchilarni davlat fuqarolik xizmati uchun milliy kadrlar zaxirasiga jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida JDS dasturini yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqish, uni O‘zbekistonning strategik ustuvor yo‘nalishlari bilan uyg‘unlashtirish hamda zamonaviy bilim va ilg‘or Yaponiya tajribasini davlat boshqaruvi amaliyotiga keng tatbiq etish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olindi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga muvofiq Boshqaruv samaradorligi agentligiga davlat xizmatchilari uchun xorijda o‘qish imkoniyatini beruvchi xalqaro stipendiya dasturlariga "Milliy hamkor" funksiyasini amalga oshirish yuklatilgan.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash doirasida Yaponiya xalqaro hamkorlik markazi “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar taqdim etish” JDS loyihasi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida mazkur loyihaning tashkiliy qo‘mitasiga raislik etuvchisi sifatida Boshqaruv samaradorligi agentligi vakili belgilandi.
N.Abduraimova, O‘zA