Tashqi diplomatiya
O‘zA ushbu ruknda O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixona va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish orqali iqtisodiy diplomatiyani yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.

Polsha. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari R.Hakimov boshchiligidagi delegatsiya Kuyavo-Pomorsk mintaqasiga tashrif buyurdi. Safar doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish hamda turli sohalardagi munosabatlarni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Vengriya. Yurtimizning Budapeshtdagi elchisi Oybek Shaxavdinov 30-sentabr kuni Vengriya Milliy Assambleyasi spikeri Agnesh Forstxoffer tomonidan o‘lkadagi diplomatik missiyalar rahbarlari uchun tashkil etilgan qabulda ishtirok etdi.

O‘mon. Maskat shahridagi diplomatimiz Abdusalom Xatamov “Khimji Ramdas” kompaniyasiga tashrif buyurdi. Kompaniya rahbari Varun Pankaj Ximji va yuqori rahbariyat vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, xususan, O‘zbekistondan O‘mon bozoriga mahsulotlar eksportini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish hamda sifatli o‘zbek mahsulotlarini O‘mon bozorida keng targ‘ib qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Buyuk Britaniya. O‘lkamizdagi nodavlat ta’lim muassasalari asoschilari va direktorlari uchun Londonda qisqa muddatli treninglar tashkil etildi. O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif davomida Birlashgan Qirrollikdagi umumiy, maxsus va inklyuziv ta’lim muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Fransiya. Parijdagi elchixonamizda O‘zbekiston xalq rassomi Jo‘ra Asraning “Sharq ranglari, O‘zbekiston ruhi” nomli ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Ta’kidlash kerakki, rassom asarlarida diyorimizning go‘zal manzaralari, an’analari va boy madaniy merosi o‘z aksini topgan.
Fardona Yaxshiboyeva,
O‘zA