Tanzila Norboyeva: Byudjet mablag‘ining har bir so‘mi belgilangan maqsadga xizmat qilishi, odamlarga naf keltirishi lozim
Senatning yigirmanchi yalpi majlisida Senat Raisi Tanzila Norboyeva ustozlarning jamiyatda tutgan o‘rni beqiyos ekani, farzandlarimiz erishayotgan yutuqlarda ularning fidokorona mehnati mujassam ekaniga e’tibor qaratdi.
– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning pedagoglar bilan uchrashuvida ustozlarga ko‘rsatilgan yuksak ehtirom, ta’limni rivojlantirish bo‘yicha belgilangan yangi vazifalar bu sohaning mamlakatimiz kelajagidagi o‘rnini yana bir bor namoyon etdi, - dedi T.Norboyeva. – Zero, ta’limga e’tibor – insonning o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishiga, oilaning farovonligiga, mamlakatning taraqqiyotiga e’tibordir.
Ta’lim mazmuni va sifatiga, yoshlarning bilimi va amaliy ko‘nikmalariga yanada yuqori talablar qo‘yilayotgani qayd etildi. Maktabni bitirayotgan farzandimiz mustaqil hayotga tayyor bo‘lishi, kasb egallashi, xorijiy tillarni bilishi, zamonaviy texnologiyalardan foydalana olishi kerak. Kasbiy va oliy ta’lim iqtisodiyotning haqiqiy ehtiyojlariga javob berishi zarur.
Senatorlar bu vazifalar ijrosiga munosib hissa qo‘shishi zarurligi ta’kidlandi. Hududlarda ta’lim sharoitlari, bolalar uchun yaratilgan imkoniyatlar doimiy e’tiborda bo‘lishi kerak. O‘qituvchining huquqlari va sha’nini himoya qilishga qaratilgan qonunlar ijrosini ham izchil o‘rganish zarur.
Yalpi majlisda Samarqandda o‘tkazilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida yoshlarimizning tarixiy g‘alabasi xalqimizga katta iftixor bag‘ishlagani, bu yutuqda sportchilarimiz va murabbiylarimizning mehnati, oilalarning qo‘llab-quvvatlashi, Prezidentimiz rahbarligida yaratilgan imkoniyatlarning muhim o‘rni borligi alohida e’tirof etildi.
Prezidentimiz rahbarligida xalqimizning turmushini yaxshilash, oilalar daromadini oshirish va munosib hayot uchun sharoit yaratishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilayotgani, iqtisodiy ko‘rsatkichlarni muhokama qilishda ularning har bir oila hayotida qanday aks etayotganiga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.

T.Norboyeva Senat faoliyatida ham ana shu mezon ustuvor bo‘lishi lozimligini alohida ta’kidladi. Yangi korxona qancha barqaror ish o‘rni yaratdi? Mahalliy aholi, xotin-qizlar va yoshlar bu imkoniyatdan foydalanyaptimi? Ajratilgan kredit tadbirkorning faoliyatini kengaytirdimi? Qurilgan ob’ekt aholi ehtiyojini qondiryaptimi? Joylardagi o‘rganishlar ana shunday savollarga aniq javob berishi kerak.
Aholi daromadlarini oshirish, kichik biznesni rivojlantirish va barqaror bandlikni ta’minlash bo‘yicha belgilangan choralar fuqarolarning o‘z mehnati va tashabbusi bilan farovonlikka erishishi uchun xizmat qiladi. Bu imkoniyatlarning odamlarga yetib borishini ta’minlash zarur. Ortiqcha byurokratiya, idoralar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, joylardagi tashabbussizlik islohotlar samarasiga to‘siq bo‘lmasligi kerak.
Senat hududlar manfaatlarini ifoda etuvchi palata sifatida bunday muammolarni o‘z vaqtida aniqlashi va ularning yechimi bo‘yicha asoslangan takliflar kiritishi lozim.
“Islohotlarning bugungi bosqichida davlat mablag‘laridan samarali foydalanishga bo‘lgan talab ham kuchaymoqda. Senatning tegishli qo‘mitalari davlat ko‘magining manzilliligi, shaffofligi va aholi uchun qulayligini e’tibor markazida tutishlari kerak. Byudjet mablag‘i xalq mablag‘idir. Uning har bir so‘mi belgilangan maqsadga xizmat qilishi, odamlarga naf keltirishi lozim”, dedi Senat Raisi.
Norgul Abduraimova, O‘zA