Tashqi diplomatiya
O‘zA ushbu ruknda O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixona va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish orqali iqtisodiy diplomatiyani yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.

Belarus. O‘zbekistonning ushbu o‘lkadagi Favqulodda va muxtor elchisi Nuriddin Mamajonov Minsk shahar ijroiya qo‘mitasi raisi Vladimir Kuxarev bilan uchrashdi. Muzokaralarda mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo, iqtisodiyot, sanoat va gumanitar sohalardagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari hamda uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Buyuk Britaniya. Londondagi elchixonamiz ko‘magida yurtimizdagi “Hunarmand” uyushmasi va “London Craft Week” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazildi. Muloqotda O‘zbekiston hunarmandlarining “London Craft Week”ning navbatdagi tadbirida ishtirok etishi masalalari muhokama qilindi.

Vengriya. Joriy yil 11-avgust kuni diyorimizning Budapeshtdagi elchisi Oybek Shaxavdinov Vengriya Milliy Assambleyasining navbatdan tashqari yalpi majlisida ishtirok etdi. Yig‘ilishda Andrash Baka Vengriya Prezidenti etib saylandi. O‘zbekiston tomoni yangi yetakchini saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklab, unga mas’uliyatli vazifada muvaffaqiyatlar tiladi hamda uning faoliyati O‘zbekiston–Vengriya munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga umid bildirdi.

Yaponiya. Tokiodagi diplomatimiz Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Okayama prefekturasiga tashrif doirasida “MGH Co., Ltd.” rahbari K.Nagayama bilan uchrashdi hamda kompaniyaning ishlab chiqarish va servis quvvatlari bilan tanishdi. Muloqotda avtomobillar va maxsus texnikalarga xizmat ko‘rsatish, ularni loyihalash va ishlab chiqarish bo‘yicha kompaniya tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash, shuningdek, kommunal va transport infratuzilmasi hamda logistika sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA