Tashqi diplomatiya
O‘zA ushbu ruknda O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixona va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish orqali iqtisodiy diplomatiyani yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.

Buyuk Britaniya. O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov boshchiligida Katta Manchester savdo palatasi bosh ijrochi direktori Emma Xolt bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muloqot davomida mahalliy ishbilarmon doiralar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish imkoniyati muhokama qilindi.

Serbiya. O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffarbek Madrahimov Serbiya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri Adriana Mesarovich bilan uchrashdi. Suhbat davomida iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqa ko‘lamini kengaytirish hamda amaliy sheriklik loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Yaponiya. O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Tochigi prefekturasi hukumati departamenti katta direktori Shigeyoshi Masubuchi hamda Yaponiyaning mamlakatimizdagi sobiq elchisi Fumixiko Kato bilan uchrashdi. Muloqot davomida Farg‘ona viloyati va Tochigi prefekturasi hamkorligini rivojlantirish, ta’lim, kadrlar tayyorlash hamda investitsiyaviy aloqani kengaytirish istiqboli muhokama qilindi.

O‘zbekiston. “Ayritom” erkin iqtisodiy hududida Rossiyaning Tyumen viloyati Savdo uyining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur loyiha respublikamizning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari ko‘magida hududlararo hamkorlikni kengaytirish maqsadida amalga oshirildi.
Savdo uyi ochilishi Surxondaryo va Tyumen viloyatlari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek Afg‘oniston yo‘nalishidagi tranzit va savdo imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan. Joriy yil iyul oyida RFning ushbu hududi delegatsiyasi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Surxondaryo viloyati hokimligi hamda “Ayritom” EIZ rahbariyati bilan samarali muzokara o‘tkazgan edi. Yangi Savdo uyida Tyumen viloyati korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan keng turdagi sanoat mahsulotlari namoyish etiladi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA