Tashabbusli byudjet: 3 trln so‘m, 2059 loyiha va xalq nazorati(+video)
"Tashabbusli byudjet" xalqning muammolariga yechim topishda muhim o‘rin tutmoqda. Bu mexanizm qanday rivojlanmoqda va uning joriy mavsumi qanday natijalar berdi?
“Tashabbusli byudjet”ni bejizga “xalq byudjeti” deb aytilmayapti. Sababi bu orqali aholining yillar davomida to‘planib qolgan muammolariga yechim topilmoqda. Uning maqsadi joylardagi infratuzilma loyihalarining qamrovini kengaytirish, barcha uchun teng sharoitlarni yaratishga qaratilgandir. Muhimi, ushbu loyihalarga ajratilayotgan mablag‘lar bo‘yicha ham har yili o‘zgarishlar bo‘lmoqda.
Joriy yilgi “Tashabbusli byudjet”ning 2-mavsumi, ajratilayotgan mablag‘ va eng muhimi ushbu mablag‘larning oqilona va samarali sarflanishi ustidan o‘rnatilgan shaffof nazorat mexanizmlari xususida Iqtisodiyot va moliya vazirligi bosh mutaxassisi Habibullo Hamidov bilan suhbatlashdik.
- Ayting-chi bu galgi “Tashabbusli byudjet”ning saralash bosqichida qaysi yo‘nalishlardagi loyihalar ko‘proq ustuvorlik kasb etdi?
- Yurtimizda olib borilayotgan ochiq siyosat natijasida aynan byudjet mablag‘larining bir qismini fuqarolar ishtirokida sarflash, ya’ni “Tashabbusli byudjet” mexanizmi 2021-yildan boshlab, yangilangan talqinda o‘z faoliyatini olib bormoqda. Ma’lumot uchun, ushbu jarayonlarning 2026-yil 2-mavsumida dastavval taklif kiritish bosqichida tashabbuskor fuqarolarimiz tomonidan o‘zida ijtimoiy va infratuzilmaviy muammolarni kasb etgan 23 mingdan ortiq loyihalar ochiq byudjet axborot portaliga kelib tushdi. Ushbu loyihalarni sohalar kesimida ko‘radigan bo‘lsak ichki yo‘llarni ta’mirlash, sog‘liqni saqlash, tibbiyot, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarini ta’mirlash va ularning moddiy texnik bazasini yaxshilash va undan so‘ng esa ko‘cha chiroqlari, ichimlik suvi va boshqa infratuzilmaviy loyihalar ham shular jumlasidandir.
-”Tashabbusli byudjet” jarayonlarida xalqimizda faollik oshganmi va g‘olib bo‘lmagan loyihalarning taqdiri nima bo‘ladi?
Aynan ovoz berish jarayonida tashabbuskor fuqarolarimiz tomonidan 10 milliondan ziyod ovozlar berildi. Har bir berilgan ovoz “Tashabbusli byudjet” jarayonida “bir fuqaro – bir ovoz” tartibida kelib tushdi. Fuqarolarimizda daxldorlik hissi tobora oshib borayotganini ko‘rishimiz mumkin. Ma’lumot o‘rnida aytishimiz kerakki, “Tashabbusli byudjet” 2-mavsumiga 3 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada 2059 ta g‘olib loyihalar aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 264-sonli qaroriga asosan “Tashabbusli byudjet” jarayoni doirasida 2 ta muhim yo‘nalish bizga belgilab berildi. (davomi videoda)
Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Iskandar Ismatov, O‘zA