Tarixiy voqea: Toshkent modernizmining 10 ta inshooti YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi
YUNESKO Butunjahon merosi qo‘mitasining Koreya Respublikasi Pusan shahrida bo‘lib o‘tgan 48-sessiyasida "Toshkent modernizm me’morchiligi. Markaziy Osiyoda zamonaviylik va an’analar" milliy nominatsiyasi YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. Shu bilan Toshkentning XX asr ikkinchi yarmiga oid 10 ta noyob me’moriy inshooti xalqaro miqyosda e’tirof etildi.
Sessiyada O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi delegatsiyasi ishtirok etdi. Bu natija Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan milliy madaniy merosni asrash, o‘rganish va dunyoga keng targ‘ib etishga qaratilgan davlat siyosati samarasi bo‘ldi.
Ro‘yxatga quyidagi inshootlar kiritildi: “Marvarid” turar joy binosi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, “Xalqlar do‘stligi” saroyi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, Toshkent davlat sirki, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zali, O‘zbekiston kino san’ati saroyi, “Eski Juva” (Chorsu) bozori, “Kosmonavtlar” metro bekati va “Quyosh” geliokompleksi.






Ushbu me’moriy yodgorliklar modernizm g‘oyalari hamda Markaziy Osiyo milliy me’morchilik an’analarining uyg‘unligini o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatlidir. Ularning YUNESKO ro‘yxatiga kiritilishi O‘zbekiston me’moriy merosining xalqaro darajadagi nufuzini yanada oshirib, uni muhofaza qilish va kelajak avlodlarga yetkazish borasida yangi mas’uliyat yuklaydi.
O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi va YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya raisi Gayane Umerovaning ta’kidlashicha, mazkur qaror mamlakatning zamonaviy me’morchilik merosini jahon modernzim harakati kontekstida munosib o‘ringa qaytarish bilan birga, ushbu inshootlarni eng yuqori professional darajada asrash vazifasini ham yuklaydi.
B.XUDOYBERDIEV,
O‘zA