Tarixiy marra: 5 million tonna paxta hosili — islohotlar va siyosiy iroda ğalabasi
Özbekiston qişloq xöjaligi tarixida yangi sahifa oçildi — mamlakatimizda paxta terimi böyiça misli körilmagan körsatkiç, 5 million tonnalik ulkan marra zabt etildi. Bu soha tarixida ilgari kuzatilmagan mutlaq rekord natijadir.
Uşbu tarixiy natija tasodif emas, balki Prezident Şavkat Mirziyoyev tomonidan qişloq xöjaligini tubdan modernizatsiya qiliş böyiça körsatilgan mustahkam siyosiy iroda va tizimli mehnatning amaliy mahsuli desak yanglişmagan bölamiz.
Bu muvaffaqiyat ortida qanday islohotlar yotibdi?
Majburiy mehnatga töliq çek qöyilişi: Qişloq xöjaligiga bozor tamoyillarining kirib kelişi va terimçilar mehnatining munosib rağbatlantirilişi inson omiliga bölgan yondaşuvni butkul özgartirdi. Joriy yilda hosilning 85 foizi 3 mingdan ortiq paxta teriş maşinalari yordamida 30–35 kunda yiğib olingani qayd etildi. Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida mexanizatsiyalaştiriş darajasi 100 foizga yetkazildi.
Klaster tizimi samarasi: Xomaşyo yetiştirişdan tortib, tayyor mahsulot işlab çiqarişgaça bölgan zanjirning töliq yölga qöyilişi dalalarda unumdorlikni keskin oşirdi.

Innovatsiya va suv tejovçi texnologiyalar:
Tomçilatib suğoriş, zamonaviy texnikalar va fan yutuqlarining joriy etilişi hosildorlikni yangi bosqiçga olib çiqdi. Ilm-fan yutuqlari, yangi biotexnologik navlar, ekiş sxemalarini takomillaştiriş, raqamlaştiriş va dronlardan foydalaniş kengaydi. Zamonaviy yondaşuvlar hosildorlikni oşiriş, resurslardan samarali foydalaniş va işlab çiqariş xarajatlarini kamaytirişga xizmat qilmoqda.
Yerga bölgan yangiça munosabat: Dehqon va fermerlarning öz mehnatidan manfaatdorligi taʼminlandi, yerning haqiqiy egasi şakllandi.
5 million tonnalik dovonning egallanişi — yurtimizda amalga oşirilayotgan izçil islohotlarning xalq farovonligi va iqtisodiy qudratga xizmat qilayotganining yorqin dalilidir. Zahmatkaş dehqon va fermerlarimiz, paxta-töqimaçilik klasterlari xodimlarining fidokorona mehnati bugun öz mevasini bermoqda.
ÖzA