Taqdirlar chorrahasida: O‘zbek zaminidagi belgiyaliklar
Tarix sahifalarini sinchiklab o‘rganganimizda, Vatanimiz nafaqat Buyuk Ipak yo‘lining markazi, balki turli sivilizatsiya va madaniyatlar tutashgan noyob hudud bo‘lganiga guvoh bo‘lamiz.
XX asrning boshlari Turkiston uchun yangi texnik o‘zgarishlar davri sifatida tarixda qoldi. Ayni shu pallada o‘zbek zaminiga qadam qo‘ygan, o‘z taqdirini yurtimiz bilan bog‘lagan belgiyalik mutaxassislarning faoliyati bugungi kunda ham katta qiziqish uyg‘otadi. Uzoq g‘arbdan kelgan muhandislar va mahalliy aholi o‘rtasidagi hamkorlik natijasida shaharlarimiz qiyofasi o‘zgarib, ilk zamonaviy transport tarmoqlari vujudga kela boshladi.
O‘sha davr manbalariga ko‘ra, yurtimizda faoliyat yuritgan ushbu xorijliklar jamoasi garchi “belgiyaliklar” umumiy nomi ostida tanilgan bo‘lsa-da, aslida ikki xil etnik guruh vakillaridan iborat edi. Ularning bir qismi fransuz tilida so‘zlashuvchi vallonlar bo‘lsa, ikkinchi qismi niderland tilining janubiy lahjasida muloqot qiluvchi flamandlar edi. Aksariyati katolik mazhabiga e’tiqod qilgan bu insonlar soni jihatdan ko‘p bo‘lmasa-da (jami 20–25 nafar atrofida), ularning mintaqa iqtisodiy hayotidagi o‘rni muhim bo‘lgan. Ularning sa’y-harakatlari bilan Toshkent shahri infratuzilmasida tub burilish yasaldi.
Poytaxtimizda jamoat transporti tizimining ilk ko‘rinishlari aynan mana shu mutaxassislar nomi bilan bog‘liq. 1896 yilda Toshkent shahar hokimiyati va belgiyalik tadbirkor Eduard Deni o‘rtasida muhim bitim imzolandi. Ushbu hujjat shaharda ot kuchiga asoslangan temir yo‘l – xalq tilida “ko‘nka” deb nomlangan tarmoqni qurishni ko‘zda tutardi. Loyihani amalga oshirish uchun Yevropadan muhandislar va ustalar guruhi taklif etildi. Ularning mehnati natijasida qisqa muddat ichida yettita tarmoq bunyod etildi. Bu loyiha shahar ahlining uzog‘ini yaqin qilishda muhim ahamiyatga ega edi.
Qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borildi va 1901 yilda “ko‘nka”ning birinchi yo‘nalishi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Ushbu yo‘l temir yo‘l vokzalini qadimiy Eski shahar bozori bilan bog‘laganligi sababli ham iqtisodiy jihatdan muhim vazifani bajarardi. Oradan ikki yil o‘tib, 1903 yilda ikkinchi yo‘nalish ishga tushirildi. U Romanov ko‘chasidan (hozirgi Buyuk Turon ko‘chasi) Lager prospektidagi Sergiyev cherkovigacha (hozirgi Hamid Olimjon maydoni hududi) cho‘zilgan edi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, ko‘nka liniyalarining umumiy uzunligi 9,5 kilometrni tashkil etib, aholiga xizmat ko‘rsatish uchun 30 ta vagon va ularni harakatga keltiruvchi 230 ta ot jalb qilingan.
Biroq zamon shiddati yangilanishni talab qilardi. 1902 yilda shahar ma’muriyati yana bir jiddiy qadamni tashladi. Elektr stansiyasi binosiga tamal toshi qo‘yildi va sentyabr oyida “Belgiya anonim aksiyadorlik jamiyati” bilan yangi shartnoma imzolandi. Bu kelishuv eskirgan “ko‘nka” tizimini zamonaviy elektr tramvayiga aylantirishni maqsad qilgan edi. Toshkentga yana bir guruh mutaxassislar yetib keldi. Birinchi jahon urushi boshlanishi arafasida xorijiy sarmoya hisobiga qurilgan “Toshkent tramvayi” loyihasining birinchi navbati muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Aslida 45 yilga mo‘ljallangan ushbu shartnoma 1917 yildagi siyosiy voqealar tufayli bekor qilindi. Shunga qaramay, 1913 yildan boshlab shahar ko‘chalarida ko‘nka o‘rnini to‘liq egallay boshlagan tramvay uzoq yillar davomida poytaxt ko‘rki bo‘lib qoldi.
Belgiyaliklarning yurtimizdagi faoliyati faqat texnika va qurilish bilan cheklanmagan. Ular madaniy hayotga ham o‘zgacha ruh bag‘ishlaganlar. XX asr boshlarida Turkiston sahnalarida belgiyalik skripkachi Korin Korenning kuylari yangragan. Uning ijrochilik san’ati mahalliy ziyolilar tomonidan katta qiziqish va hurmat bilan kutib olingan. Keyinchalik uning sharafiga nomlangan maxsus kvartet tashkil etilgani ham bu shaxsning o‘lka madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi yuqori baholanganidan dalolat beradi.
Tarixning bunday yorqin sahifalari bugungi kunda ham davom etmoqda. O‘tmishdagi do‘stlik rishtalari keyingi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. 1989 yilda Toshkent va Belgiyaning qadimiy Kortreyk shahri o‘rtasida birodarlashuv aloqalari o‘rnatildi. 1990 yilda Toshkent delegatsiyasi Kortreyk shahrining 800 yillik yubiley tantanalarida ishtirok etib qaytdi. Eng quvonarlisi, 2000 yilda Kortreyk shahrining markaziy xiyobonlaridan birida buyuk vatandoshimiz, tibbiyot ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino haykali qad rostladi.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA