Samarqand zafaridan jahon shaxmat markazi sari: Prezidentimiz chempionlar bilan uchrashdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalari a’zolari, ularning yaqinlari, ustoz va murabbiylari bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari shaxmatchilarimizni Samarqandda o‘tkazilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi tarixiy g‘alaba bilan yana bir bor tabrikladi.
– Ikki karra Olimpiada chempioni degan yuksak va sharafli unvon barchamizga, butun O‘zbekiston xalqiga muborak bo‘lsin! – dedi Prezidentimiz.



Samarqanddagi Olimpiadada 200 dan ortiq mamlakatdan 2 mingga yaqin shaxmatchi, jumladan, kuchli grossmeysterlar va amaldagi chempionlar ishtirok etdi. Ana shunday raqobatda yurtdoshlarimiz O‘zbekiston bayrog‘ini eng balandga ko‘tardi. G‘alabaning o‘z yurtimizda, xalqimiz ko‘z o‘ngida qo‘lga kiritilgani unga alohida ma’no bag‘ishladi.
Musobaqani bevosita kuzatish uchun Samarqandga 60 mingdan ortiq mahalliy va xorijlik mehmon keldi. Qariyb 500 ming kishi joylardagi muxlislar uchun hududlarda, teleekran va internet orqali esa millionlab vatandoshlarimiz bahslarni hayajon bilan kuzatdi.
Mamlakatimiz yetakchisi hal qiluvchi o‘yinlarga to‘xtalib, amaldagi Olimpiada chempioni Hindistonga qarshi uchrashuvni alohida esladi. Nodirbek Yoqubboyev Nihal Saringa qarshi partiyada og‘ir vaziyatga tushganiga qaramay, kurashni oxirigacha davom ettirdi. Raqibning xatosidan foydalanib amalga oshirgan taktik yurishlari jamoamizga hal qiluvchi g‘alabani olib keldi.



Shundan so‘ng O‘zbekiston yakka peshqadamga aylandi. Shaxmatchilarimiz Xitoy terma jamoasini 3:1 hisobida yengdi, jahon reytingida birinchi o‘rinda turgan, olti karra Olimpiada chempioni AQSH jamoasidan ham ustun keldi.
Nodirbek Abdusattorov musobaqani birorta mag‘lubiyatsiz o‘tkazib, birinchi taxtada oltin medalga sazovor bo‘ldi. Uning jahon reytingida uchinchi o‘rinda turgan Fabiano Karuanaga qarshi murakkab endshpilda qozongan g‘alabasi ham alohida e’tirof etildi.
Davlatimiz rahbari Javohir Sindorovning Nomzodlar turniridagi tarixiy muvaffaqiyatini yodga oldi. U Olimpiadada ham sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatdi. Prezidentimiz Javohirga jahon toji uchun bo‘lajak bellashuvda butun O‘zbekiston xalqi ishonishini ta’kidladi.



Olimpiadada ilk bor qatnashgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextiarovni qora donalarda yengib, jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni keltirdi. Shamsiddin Vohidov esa amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashdi. Ta’kidlanganidek, bu g‘alabada jamoaning har bir a’zosi hissasi bor.
O‘zbekiston Olimpiadada erkaklar va ayollar o‘rtasida jami oltita terma jamoa bilan ishtirok etdi. Erkaklar o‘rtasidagi ikkinchi jamoamiz jahon reytingida oltinchi o‘rinda turgan Niderlandiyani yirik hisobda mag‘lub etdi. Uchinchi jamoa a’zosi, 17 yoshli Asrorjon Omonov sakkizta o‘yinning yettitasida g‘alaba qozondi.
– Bizda 2-3 nafar shaxmatchi emas, balki butun boshli kuchli avlod bor desak, bu ham haqiqat, – dedi Prezidentimiz.



Ayollar terma jamoalari ham matonat ko‘rsatdi. Birinchi jamoa 11 turning yettitasida g‘alaba qozonib, kuchli raqiblar bilan tengma-teng o‘ynadi. Afruza Hamdamova, Gulruxbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Nilufar Imomqo‘ziyeva, Guldona Karimova va boshqa shaxmatchi qizlarning mehnati e’tirof etildi. Davlatimiz rahbari kelgusida o‘zbek shaxmatchi qizlari ham Olimpiada shohsupasining eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilishiga ishonch bildirdi.
Samarqandda o‘tgan uchinchi FIDE parashaxmat olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi ilk bor bronza medalini qo‘lga kiritdi. Selbi Kakishova yetti o‘yinda olti ochko jamg‘arib, o‘z taxtasida kumush medalga sazovor bo‘ldi. Abdulaziz Bahodirov shaxsiy hisobda bronza medalini oldi, Ahadxon Kimsanboyev esa musobaqani mag‘lubiyatsiz yakunladi. Prezidentimiz parashaxmatchilarning irodasi va mehnatini yuksak baholadi.
Uchrashuvda ushbu natijalar ortida sportchilarning ota-onalari, birinchi ustozlari, murabbiylari va ularni qo‘llab-quvvatlagan jamoalar turgani ta’kidlandi. Prezidentimiz jahon chempioni Rustam Qosimjonov tajriba va bilimini yangi avlodga yetkazib kelayotganini alohida e’tirof etdi.



– Ustozning eng katta g‘alabasi – shogirdlarining undan ham baland marralarga chiqishidir! – dedi davlatimiz rahbari.
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining FIDE tomonidan “Eng yaxshi federatsiya” deb e’tirof etilgani, Rustam Qosimjonov FIDEning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova esa Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy prezidenti etib saylangani mamlakatimizning jahon shaxmatidagi nufuzi yuksalayotganidan dalolat ekani qayd etildi.
– Bu natijalar tasodifiy emas. Bu – maktab, bu – tizim, bu – o‘zbek shaxmatining yangi darajasi, – dedi Prezidentimiz.



2018-yilda qabul qilingan qaror asosida maktablarda shaxmat o‘qitish, murabbiylar tayyorlash va klublarni rivojlantirish yo‘lga qo‘yildi. So‘nggi o‘n yilda 17 nafar shaxmatchimiz xalqaro grossmeyster unvoniga ega bo‘ldi, ularning besh nafari ayollardir.
Davlatimiz rahbari navbatdagi maqsadni belgilab berdi: Yangi O‘zbekistonni nafaqat Olimpiada chempioni, balki dunyo shaxmat markaziga aylantirish. Buning uchun mamlakatimizda tajriba, natija va yoshlarga namuna bo‘ladigan chempionlar borligi ta’kidlandi. Ulardan ilhomlangan minglab bolalarning shaxmatga kirib kelishi yangi iste’dodlarni kashf etish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Shu maqsadda har bir viloyat, tuman va mahallada iqtidorli bolalarni erta aniqlash, ularni kuchli ustozlarga biriktirish va xalqaro turnirlarda muntazam qatnashishiga sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi. Qizlar shaxmati va parashaxmatni rivojlantirish bo‘yicha alohida tizim tashkil etiladi.



Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada mintaqaviy filiallari ochiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlari yarmi davlat tomonidan qoplanadi.
Shuningdek, “Oʻzbekiston Grand chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Uchrashuvda shaxmat va parashaxmat olimpiadalari g‘olib va sovrindorlarini, ularning murabbiylarini rag‘batlantirish to‘g‘risida qaror qabul qilingani ma’lum qilindi. Unga muvofiq, chempionlarga uy-joy hamda avtomobil berildi. Bronza medalini qo‘lga kiritgan parashaxmatchilar ham uy-joy va avtomobil bilan taqdirlandi. Terma jamoalar bosh murabbiylari Rustam Qosimjonov va Samandar Shermuxammadov avtomobil bilan mukofotlandi.



Olimpiada chempioni bo‘lgan har bir shaxmatchiga 200 ming dollardan, ularning murabbiylariga 50 ming dollardan pul mukofoti ajratildi. Bronza medalini qo‘lga kiritgan har bir parashaxmatchiga 50 ming dollardan, ularning murabbiylariga 12 ming 500 dollardan berildi.
Prezident farmoniga muvofiq, Vatanimiz shuhratini yuksaltirishga qo‘shgan hissasi, mahorati va jasorati uchun bir guruh shaxmatchilar, ularning ustozlari va soha vakillari davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi. Uchrashuvda mazkur mukofotlarni topshirish marosimi o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari mukofotlar sportchilarning bugungi g‘alabasiga berilgan baho bilan birga ularning kelgusi yutuqlariga bildirilgan ishonch ramzi ekanini ta’kidladi.



Sportchilar, ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylari so‘zga chiqib, davlatimiz rahbariga shaxmat sohasiga qaratilayotgan e’tibor va yaratilgan keng sharoitlar, yuksak e’tirof uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuv yakunida Prezidentimiz terma jamoalar a’zolari va ularning ota-onalari bilan birgalikda suratga tushdi.









