Tanlov g‘oliblari taqdirlandi
15-may - Xalqaro oila kuni
Yurtimizda “Oilamiz – kelajagimiz” oyligi doirasida ko‘rik-tanlov bo‘lib o‘tmoqda. Jumladan, Andijonda ham “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Unda Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nigoraxon Yunusova va boshqalar mamlakatimizda oilalarni qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash, oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, uning jamiyatdagi o‘rni, roli va nufuzini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.
– Oilalarni mustahkamlash, qadriyatlarni ulug‘lash maqsadida o‘tkazilgan tanlov ana shu yo‘nalishdagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, ibratli oilalarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Tanlovning mahallalar kesimida o‘tkazilgan bosqichida 2 mingdan ziyod oila qatnashdi – deydi Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Nigoraxon Yunusova.
[gallery-29423]
Tanlovning viloyat bosqichida tuman va shahar bosqichlarida g‘olib deb topilgan 12 oila ishtirok etib, oilani mustahkamlash, sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni qaror toptirish, farzand tarbiyasi, kitob mutolaasi, jamiyatdagi namunali faoliyati bo‘yicha belgilangan shartlar asosida g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Izboskan tumani Do‘stlik mahallasida yashovchi Dildoraxon va Ilg‘orbek To‘xtanazarov oilasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Tanlovda ikkinchi o‘rin Xo‘jaobod tumani Shahrixonsoy mahallasida yashovchi Barnoxon va Muzaffar Mamaduraimov oilasiga, uchinchi o‘rin Asaka tumani Do‘rmon mahallasida yashovchi Muhayyoxon va Nozimjon Isaqov oilasiga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.