Tanlov g‘oliblari taqdirlandi (+video)
–Marg‘ilon nafaqat ulug‘ allomalar yurti, balki buyuk san’atkorlar vatani hamdir, – deydi mehnat faxriysi Jaloliddin Kamolov. –Bugun Jo‘raxon Sultonov va Ma’murjon Uzoqov ijro etgan, yaratgan asarlarini Mubinaxon va Layloxonlar maromiga yetkazib kuyladilar. Ularni ko‘rib ko‘zimizga yosh keldi, ularning san’atga ishq-u muhabbati va iqtidorini ko‘rib tan berdik.
Bunday e’tirof so‘zlari uch kun davomida Farg‘onadagi san’at saroyiga kelgan muxlislar tomonidan bot-bot tilga olindi. Ha, san’at, iste’dod, iqtidor tugalmas, cheki yo‘q ne’mat kabi. Bu Jo‘raxon Sultonov va Ma’murjon Uzoqov nomidagi respublika tanlovi chog‘i yana bir bor namoyon bo‘ldi. Mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan hofizlar birin-ketin sahnaga chiqib ustozlar yaratgan, ustozlar kuylagan qo‘shiqlarni ijro etdilar.
[gallery-19360]
Nihoyat tanlov hay’ati ularning iqtidori, ijro mahorati, ovoz pardalari, sahnada o‘zini tutish-u muxlislar bilan muloqotigacha bo‘lgan jihatlarni hisobga olib, g‘olib va sovrindorlarni e’lon qilishdi. Farg‘onalik Mubinaxon Jo‘rayeva, Toshkent viloyatidan Salohiddin Abdufattoyev, Namangan viloyatidan ishtirok etgan Otabek Isoqov ko‘rik- tanlovning 3-o‘rniga munosib ko‘rildi. Surxondaryo vakili Nodir Vahobov va farg‘onalik Laylo Soynazarovalar ikkinchi o‘rinni egalladi.
Ko‘rik-tanlovning 1-mukofoti Navoiy viloyatidan bo‘lgan yangi ovoz sohibi Sherzod Mardonovga nasib etdi. U ikki buyuk san’atkor ijodiga murojaat qilib, ularning qo‘shiqlarini g‘oyat mohirona ijro etdi.
–Jo‘raxon Sultonov ijodiga qiziqishimning sababi uning dardli ovozidir. Ustozda milliy ohang, milliy tovushlar o‘zgacha yangraydi, – deydi tanlov g‘olibi Sherzod Mardonov. –Ustozlar o‘zbek mumtoz qo‘shiqchiligida juda katta maktab yaratgan. Bundan tashqari, ular hamnafaslik san’atini yuksaklarga olib chiqqan hofizdir. Shuning uchun ham men Jo‘raxon Sultonov va Ma’murjon Uzoqov kuylagan qo‘shiqlarni tasmadan tinglab o‘rgandim.
Tanlovning ahamiyati ustoz san’atkorlar xotirasini ulug‘lash bilangina o‘lchanmaydi. Yuzga yaqin ishtirokchi yoshlar orasidan sohir ovoz sohiblari, noyob nola va yuqori pardalarda qo‘shiq avjini bir tekis oladigan ijrochilar kashf etildi. Ulardan biri, shubhasiz tanlov g‘olibi Sherzodbek Mardonov edi. Siz ham uni tinglang-a!
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/LPC_5GXy1hI" title="Tanlov gʻoliblari taqdirlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA muxbirlari