Ta’limdan mustaqil hayot sari: imkoniyat va intilishlar
Bekobod shahridagi ixtisoslashtirilgan maktabda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga yo‘naltirish va mustaqil hayotga tayyorlashga e’tibor qaratilmoqda.
Har bir bolaning o‘z qobiliyatini namoyon etishi, bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishi, kelajakda jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun zarur sharoit yaratish muhim vazifalardan biridir. Ayniqsa, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning ijtimoiy moslashuvini ta’minlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish va mustaqil hayotga tayyorlashda ta’lim muassasalarining o‘rni beqiyos.
Toshkent viloyatining Bekobod shahridagi 15-sonli alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabda bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida 2026-2027 o‘quv yilida jami 113 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularning 5 nafari uyda yakka tartibdagi ta’lim bilan qamrab olingan. Maktabda o‘zbek tilida ta’lim beriladigan 11 ta sinf mavjud.

Bugungi kunda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning imkoniyatlarini kengaytirish, ularni umumta’lim jarayoniga jalb etish va jamiyatga moslashuvini qo‘llab-quvvatlashga ham e’tibor kuchaytirilmoqda. Jumladan, 2025-2026 o‘quv yilida 9 nafar o‘quvchi inklyuziv ta’limga yo‘naltirilgan bo‘lsa, joriy o‘quv yilida yana 6 nafar o‘quvchini ushbu tizimga jalb etish rejalashtirilgan.

Maktab faoliyatida o‘quvchilarga bilim berish bilan bir qatorda, ularning hayotiy ko‘nikmalarini shakllantirish, kasb-hunar o‘rganishi va kelajakda bandligini ta’minlashga ham alohida ahamiyat berilmoqda. Joriy o‘quv yilida 9-sinfni 11 nafar o‘quvchi bilim oladi. Rejaga ko‘ra, ularning 6 nafari kasb-hunar kollejlariga o‘qishga yo‘naltiriladi. Qolgan 5 nafar bitiruvchining esa usta-hunarmandlar bilan hamkorlikda bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Bu jarayonda kasbga yo‘naltirish ishlarining ahamiyati katta. Chunki muayyan hunarni egallash yoshlarning o‘z imkoniyatlarini namoyon etishi, mehnat orqali daromad topishi va mustaqil hayotga qadam qo‘yishida muhim omil hisoblanadi. Shu maqsadda maktabda bir qator loyihalar yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, “Usta ko‘hna” biznes loyihasi o‘quvchilarni amaliy faoliyatga jalb etishga xizmat qilsa, “Birgalikda kuchlimiz” loyihasi ota-onalarni pedagogik, psixologik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Shuningdek, “Ergoterapiya” va “Logo bolakay” xizmatlari ham yo‘lga qo‘yilgan.

Kasb-hunar to‘garaklarida o‘quvchilar amaliy mashg‘ulotlar orqali turli hunarlarni o‘rganib, o‘z qo‘llari bilan mahsulotlar tayyorlashmoqda. Ushbu mahsulotlarning turli yarmarkalarda sotuvga qo‘yilishi esa ularning mehnati natijasini ko‘rish, amaliy tajriba orttirish va tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda. Tushgan mablag‘lar to‘garaklar faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda. E’tiborlisi, o‘tgan yili maktabni bitirgan o‘quvchilar orasida bugun o‘z hunari orqali daromad topayotgan yoshlar ham bor. Bu esa kasbga yo‘naltirish va amaliy mashg‘ulotlarning ahamiyatini ko‘rsatadi.
Maktab direktori Aziza Abdullayevaning ta’kidlashicha, erishilayotgan natijalar ta’lim muassasasida o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish ishlari izchil olib borilayotganidan dalolat beradi.

Darhaqiqat, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash faqat ularning ta’lim olishini ta’minlash bilan cheklanmaydi. Ularning qobiliyatini rivojlantirish, mehnat ko‘nikmalarini shakllantirish, o‘z kuchiga ishonchini oshirish va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratish ham muhimdir.
Bekobod shahridagi 15-sonli ixtisoslashtirilgan maktabda amalga oshirilayotgan ishlar ana shu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Zero, bolaga berilgan bilim, o‘rgatilgan hunar va bildirilgan ishonch uning kelajakda mustaqil hayot kechirishi hamda jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun mustahkam zamin yaratadi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri