Yangi imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda
Sirdaryo viloyatida joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida «Uzum Market» buyurtmalari bo‘yicha 237 mingdan ziyod jo‘natma fuqarolarga yetkazib berildi. Shuningdek, «Gibrid pochta» tizimi orqali 538 mingdan ortiq xat, kurerlik xizmati orqali 47 mingdan ziyod jo‘natma yetkazildi. Bu haqda «O‘zbekiston pochtasi» aksiyadorlik jamiyati Sirdaryo filialida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
Tadbirda filial direktori Farhod Islomov viloyatda pochta xizmatlarini raqamlashtirish, elektron tijorat platformalari bilan hamkorlikni kengaytirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va aholiga qulay xizmatlar ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘zlab berdi.
Ayni paytda viloyatda 9 ta pochta aloqa bog‘lamasi va 67 ta pochta aloqa bo‘limi faoliyat yuritib, 232 nafardan ortiq xodim aholi va tashkilotlarga xizmat ko‘rsatmoqda. Pochta xizmatida 19 ta avtotransport vositasi, 16 ta elektroskuter, 32 ta velosiped va 112 ta kompyuterdan foydalanilmoqda.
Elektron tijoratni rivojlantirish doirasida viloyatdagi 27 ta pochta bo‘limida «Uzum Market» buyurtmalarini topshirish punktlari tashkil etilgan. Shuningdek, Rossiyaning Ozon, Wildberries va Avito onlayn savdo platformalari, Zoodmall savdo maydoni, «Oriflame» hamda «Hilol Nashr» kabi tashkilotlar va internet-do‘konlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu aholiga internet orqali xarid qilingan mahsulotlarni yashash joyiga yaqin pochta bo‘limlaridan olish imkonini bermoqda.
[gallery-31929]
Pochta xizmatlarining yana bir muhim yo‘nalishi — «Gibrid pochta» tizimi. Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida 187 ta davlat tashkiloti va mas’uliyati cheklangan jamiyat ushbu tizimga ulandi. Natijada fuqarolarga 538 mingdan ziyod xat yetkazib berildi. Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 274 mingtaga kamaygan. Bunga 2026-yil 1-martdan «O‘zbekiston pochtasi» AJ va Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Jamoat xavfsizligi departamenti o‘rtasida tegishli shartnoma tuzilmagani sababli yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun rasmiylashtirilgan jarima xatlarini yetkazib berish xizmati to‘xtatilgani asosiy omil bo‘lgan.
Aholiga qulaylik yaratish maqsadida pochta bo‘limlarida elektron davlat xizmatlari, bank xizmatlari, pul o‘tkazmalari, kommunal to‘lovlar, bank kartalarini to‘ldirish, davriy nashrlarga obuna bo‘lish va sug‘urta polislarini sotish kabi xizmatlar ham ko‘rsatilmoqda. Tuman markazlarida «Bir qadam» tezkor pochta xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, joriy yilning to‘qqiz oyida ushbu xizmatdan 33 mingdan ortiq marta foydalanilgan. Shuningdek, 90 turdan ziyod to‘lovni amalga oshirish imkoniyati mavjud.
Xizmatlarning tezkorligi va sifatini oshirishda raqamli texnologiyalardan foydalanishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. «Pochta logistikasi» axborot tizimi orqali jo‘natmalarni qabul qilish, saralash, onlayn kuzatish va manzilga yetkazish jarayonlari avtomatlashtirilgan. Yandeks kartografik platformasi ma’lumotlaridan foydalanish esa pochta bo‘limlarining xizmat ko‘rsatish hududlarini belgilash va logistika jarayonlarini takomillashtirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, to‘lovlarni qabul qilish va pul o‘tkazmalarini amalga oshirish tizimi yangilanib, «AVVAL» brendi ostida ishga tushirilgan. Barcha to‘lov va xizmatlar uchun QR-kodli cheklar berish yo‘lga qo‘yilgani kassa jarayonlarini raqamlashtirish va qog‘oz hujjatlardan foydalanishni qisqartirish imkonini bermoqda.
Ma’lumot uchun shuni aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 14-dekabrdagi «Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori sohani modernizatsiya qilish, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va elektron tijoratni rivojlantirish uchun muhim huquqiy asos bo‘ldi.
Umumjahon pochta ittifoqining 2IPD integratsiyalashgan indeksi bo‘yicha 2023-yilgi hisobotda O‘zbekiston 172 davlat orasida 74-o‘rinni egallab, avvalgi natijaga nisbatan 41 pog‘ona yuqorilagan. Mamlakatimiz, shuningdek, «Pochta taraqqiyotining yuksaluvchi yulduzi» mukofoti bilan taqdirlangan.
Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Muloqotda pochta jo‘natmalarini o‘z vaqtida yetkazish, elektron tijorat platformalari bilan hamkorlikni rivojlantirish va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjon (surat) O‘zA