Tibbiyot xodimlari va ularning farzandlariga quvonch ulashildi
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filialida yana bir xayrli tashabbus amalga oshirildi.
Kun-u tun ona va bolalar salomatligini asrash yo‘lida mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlariga bu galgi e’tibor ularning farzandlariga quvonch ulashdi. Muassasa kasaba uyushmasi tashabbusi bilan yosh farzandli 50 nafar tibbiyot xodimining farzandlariga yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari jamlanmalari topshirildi.
Yangi o‘quv yili arafasida taqdim etilgan bu sovg‘alar bolajonlar uchun quvonchli tuhfa bo‘lgan bo‘lsa, ota-onalar uchun o‘z mehnatiga bildirilgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir ifodasi bo‘ldi.
— Filialimizda tibbiyot xodimlarini nafaqat Mustaqillik bayramining 35 yilligi munosabati bilan, balki turli bayramlar va muhim sanalarda ham qo‘llab-quvvatlash yaxshi an’anaga aylangan, — deydi tibbiyot xodimlari kasaba uyushmasi raisi Munavvar To‘xtabayeva. — Xodimlarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor, avvalo, ularning o‘z kasbiga bo‘lgan mehr va sadoqatini yanada mustahkamlaydi. Shu bilan birga, o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashib, filialda davolanayotgan homilador ayollar, onalar va chaqaloqlarga sifatli hamda malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishga ruhlantiradi.

Darhaqiqat, tibbiyot sohasida mehnat qilish yuksak mas’uliyatni talab etadi. Ayniqsa, ona va bola salomatligi bilan bog‘liq yo‘nalishda har bir daqiqa, har bir qaror muhim. Shu bois xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini qadrlash va munosib rag‘batlantirish jamoada ishga bo‘lgan munosabatni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Filialda xodimlarga g‘amxo‘rlik faqat bayram kunlarida sovg‘a ulashish bilan cheklanib qolmayapti. Ularning salomatligini mustahkamlash, jismoniy faolligini oshirish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, jamoa a’zolari o‘rtasida «Sog‘lom hayot uchun — 5000 qadam» tashabbusi doirasida sog‘lomlashtirish tadbirlari tashkil etib kelinmoqda. Shuningdek, voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka bo‘yicha musobaqalar muntazam o‘tkazilmoqda.
Sport tadbirlari xodimlarning jismoniy faolligini oshirish barobarida, jamoada do‘stona muhit va hamjihatlikni mustahkamlamoqda. Shaxmat va shashka musobaqalari esa tibbiyot xodimlarining mantiqiy fikrlash, diqqatni jamlash va tezkor qaror qabul qilish qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Inson salomatligini asrashdek sharafli va mas’uliyatli vazifani zimmasiga olgan tibbiyot xodimlariga ko‘rsatilayotgan e’tibor — ularning mehnatini qadrlashning muhim ko‘rinishidir. Filialda shakllangan ana shunday ezgu an’analar jamoa a’zolarini yanada ruhlantirib, ularni kasbiy faoliyatida yangi marralar sari undamoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, mehnati qadrlangan, oilasi va farzandlari e’tiborda bo‘lgan xodim yurtiga ishonch va sadoqat bilan xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri