Ta’limda kelajak sari dadil qadam tashlanmoqda
Sifatli ta’lim — taraqqiyotning eng mustahkam poydevori. Bugun maktab ostonasida boshlangan ezgu ish ertaga jamiyat, davlat va millat taqdirini belgilaydi. Shu bois mamlakatimizda ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, o‘qituvchi maqomini yuksaltirish, yoshlarga zamonaviy bilim va kasb-hunar berish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.
So‘nggi yillarda yurtimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida ana shu ezgu maqsad mujassam. Davlat rahbari tashabbusi bilan ta’limni modernizatsiya qilish, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, pedagoglarning jamiyatdagi nufuzi va mavqeini oshirish, yoshlarni zamonaviy kasblar va xorijiy tillarga o‘qitish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Buxoro viloyatida ham ushbu islohotlar mazmunan boyib, aniq natijalar va istiqbolli maqsadlar bilan uyg‘unlashmoqda.
Viloyat hokimi Botir Zaripov viloyatda maktab va maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda 2026–2027 o‘quv yilida bajarilishi belgilangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Unda ta’lim tizimini rivojlantirishning bugungi holati chuqur tahlil qilinib, mavjud muammolar, foydalanilmayotgan imkoniyatlar va kelgusi vazifalar aniq raqamlar asosida belgilab berildi. Ayni paytda Buxoro viloyati ta’lim tizimida 2 ming 708 ta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ularda 340 ming 766 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olayotgan bo‘lsa, ularning kamoloti uchun 32 ming 960 nafar pedagog mehnat qilmoqda.
Bu raqamlarning o‘ziyoq ta’lim sohasining viloyat hayotida qanchalik katta o‘rin tutishini ko‘rsatadi. Biroq masala faqat qamrovda emas. Asosiy maqsad — har bir bolaga sifatli ta’lim olish uchun munosib sharoit yaratish, har bir o‘qituvchiga o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun imkoniyat berishdir.
Shu maqsadda 2026-yilda ta’lim infratuzilmasini yaxshilashga katta e’tibor qaratilmoqda. Viloyatda jami 236 ta ob’ektda, jumladan, 151 ta maktab va 85 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu maqsadlar uchun 1 trillion 401 milliard 939,4 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Eng muhimi, sarflanayotgan mablag‘lar quruq raqamlarda emas, bolalar uchun yaratilayotgan real imkoniyatlarda namoyon bo‘ladi. Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida maktablarda 24 ming 872 ta, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida esa 7 ming 480 ta yangi o‘rin yaratilishi ko‘zda tutilgan. Demak, minglab bolalar uchun yangi sinfxonalar, zamonaviy ta’lim muhiti va munosib sharoitlar yaratilmoqda.

Ta’lim sifati, avvalo, o‘qituvchining salohiyati bilan belgilanadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Buxoro pedagoglarining natijalari alohida e’tiborga loyiq. 2026-yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan pedagog kadrlar attestatsiyasida viloyat o‘qituvchilari 63,8 foizlik natija bilan respublikadagi yetakchilikni saqlab qoldi. Attestatsiya jarayonida 6 ming 811 nafar pedagogning amaldagi malaka toifasi saqlandi yoki oshirildi. Bu — o‘qituvchilarning o‘z ustida muntazam ishlayotgani, kasbiy mahoratini oshirayotgani va zamonaviy ta’lim talablariga moslashib borayotganining muhim ko‘rsatkichidir. Endi oldinda yanada baland marralar turibdi. Kelgusi davrda oliy toifali o‘qituvchilar ulushini 23 foizga, birinchi toifali pedagoglar ulushini 27 foizga, jami toifali o‘qituvchilar ulushini esa 76 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bu maqsadlar ta’lim sifati tasodifga emas, avvalo, professional pedagogga bog‘liq ekanini anglatadi.
Bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlaridagi o‘rtacha natijasi ham Buxoroda ta’lim sifati izchil yuksalib borayotganidan dalolat beradi. Agar 2024-yilda bu ko‘rsatkich 89,2 ball, 2025-yilda 96,4 ball bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yilda u 110,8 ballga yetdi. Bir qarashda bu oddiy raqamdek tuyulishi mumkin. Aslida esa uning ortida minglab o‘quvchilarning mehnati, ustozlarning izlanishi, ota-onalarning ishonchi va ta’lim tizimidagi islohotlar mujassam. Endi maqsad yanada yuksak — ushbu natijani 130 ballga yetkazish. Bu raqam Buxoro yoshlarining oliy ta’limga kirish imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, ularning bilim va salohiyatini yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim mezon bo‘lib xizmat qiladi.
Bugungi raqobatbardosh dunyoda xorijiy tilni bilish yoshlar uchun oddiy ko‘nikma emas, balki katta imkoniyatlar eshigidir. Buxoroda ham “Kelajak uchun xorijiy til” loyihasi doirasida 22 ming 257 nafar bitiruvchining xorijiy til bilish ko‘nikmalari baholandi. Ularning 8 ming 130 nafarida til bilish sertifikati mavjudligi aniqlandi. 2027-yilda sertifikatga ega bitiruvchilar ulushini 50 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Bu esa Buxoro maktablarida ta’lim faqat darslik va sinfxona bilan cheklanib qolmayotganini, o‘quvchilarni global bilim va mehnat bozoriga tayyorlashga e’tibor kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Ta’limdagi eng katta o‘zgarishlardan biri — zamonaviy texnologiyalarni o‘quv jarayoniga keng joriy etishdir. Janubiy Koreyaning ENOZ ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda Buxoro shahridagi 42-son ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida sun’iy intellekt va axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan innovatsion o‘quv modeli joriy etildi. Bu yerda o‘quvchilar dasturlash, robototexnika va generativ sun’iy intellekt yo‘nalishlarida bilim olmoqda.
Kechagi maktabda o‘quvchi asosan tayyor bilimni o‘zlashtirgan bo‘lsa, bugungi maktabda u texnologiya yaratadi, tajriba qiladi, dastur tuzadi, robotni boshqaradi va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanishni o‘rganadi. Eng quvonarlisi, bu ilg‘or tajribani viloyatning boshqa hududlariga ham bosqichma-bosqich yoyish ishlari davom ettirilmoqda. Bu — Buxoro ta’limida yangi davr boshlanayotganining yaqqol ifodasidir.
Ta’lim tizimida kadrlarni ishga qabul qilish jarayoni ham zamonaviylashtirilmoqda. Buxoro viloyatida xodimlarni ishga qabul qilishning raqamlashtirilgan tizimi 13 ta tuman va shaharda joriy etildi. Unda 1 ming 600 dan ziyod bo‘sh ish o‘rni e’lon qilinib, 8 mingdan ortiq nomzoddan onlayn arizalar qabul qilindi. Natijada 650 nafar nomzod ishga qabul qilindi.

Bu tizim, bir tomondan, munosib mutaxassislarni tanlash imkonini kengaytirsa, ikkinchi tomondan, ishga qabul qilish jarayonida shaffoflik, ochiqlik va adolat tamoyillarini kuchaytiradi. Taqdimotdan ko‘rinib turibdiki, Buxoro ta’limida bugun erishilayotgan natijalar ertangi vazifalar uchun mustahkam poydevor bo‘lmoqda. Biroq erishilgan natija bilan kifoyalanish — taraqqiyotning dushmani. Shu bois yangi o‘quv yili oldidan oldinga qo‘yilayotgan vazifalar ham ulkan. Asosiy e’tibor ta’lim sifatini yanada oshirish, pedagoglar salohiyatini yuksaltirish, yuqori malakali o‘qituvchilar safini kengaytirish, bitiruvchilarning oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichlarini oshirish, xorijiy tillarni puxta egallash, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni ta’lim jarayoniga yanada keng joriy etishga qaratilmoqda.
Viloyat hokimi Botir Zaripov ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan har bir loyiha va islohotni aniq natija, o‘lchanadigan ko‘rsatkich va istiqbolli maqsad bilan bog‘lash zarurligini ta’kidladi:
— Bugungi vazifa — erishilgan natijalarni mustahkamlash, mavjud imkoniyatlarni kengaytirish va yangi o‘quv yilida Buxoro ta’limini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri