O‘zbekiston va Qozog‘iston transchegaraviy suv resurslarini muhofaza qilishda hamkorlikni kuchaytirmoqda
Transchegaraviy suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish mintaqada ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda suv xavfsizligini mustahkamlashning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, bir nechta davlat hududida joylashgan yerosti suv manbalarini o‘rganish, ularning holatini muntazam monitoring qilish, ifloslanishining oldini olish va mavjud zaxiralardan samarali foydalanish o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishni taqozo etadi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida transchegaraviy suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan barqaror foydalanish borasidagi hamkorlik bugungi kunda izchil davom ettirilmoqda. Xususan, ikki davlat hududida joylashgan Toshkent transchegaraviy suvli qatlamini o‘rganish, muhofaza qilish va samarali boshqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar sohada yagona yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Shu yo‘nalishda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YeIK) tashabbusi bilan O‘zbekiston va Qozog‘iston ekspertlarining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent transchegaraviy suvli qatlamini himoya qilish va undan barqaror foydalanish, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan anglashuv memorandumini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda BMT YeIK Suv konvensiyasi, Suvni baholash xalqaro markazi (IWAC) va xalqaro ekspertlar bilan bir qatorda O‘zbekiston tomonidan Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekgidrogeologiya” DM, “GIDROINGEO Instituti” DM, Davlat geologik monitoring xizmati vakillari ishtirok etdi. Qozog‘iston tomonidan esa Suv resurslari va irrigatsiya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda “Kazgidrogeologiya” AJ vakillari qatnashdi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, tadbirda joriy yil 1-iyul kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar va ularning yechimlari, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan anglashuv memorandumi loyihasi muhokama qilindi.

Shu bilan birga, 2030-yilgacha mo‘ljallangan Toshkent transchegaraviy suvli qatlamini muhofaza qilish va undan samarali foydalanish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi. Unda transchegaraviy yerosti suv resurslaridan oqilona foydalanish, ularning miqdor va sifat ko‘rsatkichlarini baholash, monitoring tizimini takomillashtirish hamda suvli qatlamni muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar BMT ko‘magida suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha yangi tashabbuslar hamda xalqaro loyihalarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi bunday amaliy hamkorlik transchegaraviy suv resurslarini samarali boshqarish, ularning ekologik holatini saqlash va mintaqada suv xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA