Taʼlim, tarbiya va sport uyğunligi: futbolni rivojlantirişga kompleks yondaşuv
Özbekistonda futbolni rivojlantiriş yangi bosqiçga kötarildi. Yoşlarni sportga keng jalb etiş va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaş orqali soha istiqboli taʼminlanmoqda.
Sönggi yillarda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni, xususan, futbolni rivojlantiriş, uni aholi örtasida yanada ommalaştiriş, soha infratuzilmasini xalqaro standartlar asosida takomillaştiriş hamda yuqori malakali sportçilarni tayyorlaşga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada futbolni rivojlantiriş davlat siyosati darajasiga kötarilib, sohada keng kölamli islohotlar amalga oşirilmoqda. Mazkur jarayonda yoşlarni sportga keng jalb etiş, ularning iqtidorini erta aniqlaş, zamonaviy taʼlim va maşğulot tizimini yölga qöyiş ustuvor vazifalardan biriga aylandi.
Jumladan, Özbekiston Respublikasi Prezidentining «Özbekistonda futbolni rivojlantirişni mutlaqo yangi bosqiçga olib çiqiş çora-tadbirlari töğrisida»gi farmoni hamda «Mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantiriş va tarmoğini kengaytiriş çora-tadbirlari töğrisida»gi qarori mamlakatimizda futbolni yangi bosqiçga olib çiqiş, uning ommaviyligini oşiriş va yoşlar futbolini tizimli rivojlantirişda muhim dasturilamal bölib xizmat qilmoqda.
Jamiyatda sport soğlom turmuş tarzi, kuçli iroda, yuksak intizom va faol hayot pozitsiyasining muhim omili sifatida eʼtirof etiladi. Ayniqsa, yoş avlodni jismonan soğlom, maʼnan yetuk va barkamol insonlar etib tarbiyalaşda sportning örni beqiyos. Ana şunday ezgu maqsadlarni öz faoliyatining asosiy yönalişi sifatida belgilagan taʼlim muassasalaridan biri Özbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetidir.
Bugungi global futbol maydonida yuqori natijalarga erişiş uçun faqat tabiiy iqtidor yoki anʼanaviy maşğulot usullarining özi yetarli emas. Buning uçun sportçilarni tayyorlaş jarayonini ilmiy asosda taşkil etiş, zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalarni tatbiq qiliş, jismoniy, texnik, taktik hamda psixologik tayyorgarlikni özaro uyğunlaştiriş talab etiladi. Özbekiston ösmirlar va yoşlar terma jamoalarining Osiyo va jahon miqyosidagi musobaqalarda erişayotgan natijalari ham yoş futbolçilarni tayyorlaş tizimini yanada takomillaştiriş muhim ahamiyat kasb etişini körsatmoqda.
Bugungi kunda Özbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida sport sohasi uçun raqobatbardoş, malakali va zamonaviy fikrlaydigan mutaxassislar tayyorlanmoqda. Universitetda 60 dan ortiq sport yönalişi böyiça taʼlim jarayoni yölga qöyilgan. Xususan, yozgi Olimpiya öyinlari dasturiga kiruvçi 32 ta, qişki Olimpiya sport turlariga oid 5 ta, şuningdek, 25 ta noolimpiya va milliy sport turlari böyiça kadrlar tayyorlanmoqda.
Universitetda taʼlim jarayoni nazariy bilimlar va amaliy maşğulotlarning uzviyligi asosida taşkil etilgan. Talabalar sport texnikasi va taktikasi, musobaqalarga psixologik tayyorgarlik, sport pedagogikasi, jamoa bilan işlaş hamda kasbiy mahorat sirlarini çuqur özlaştiriş imkoniyatiga ega. Bunday yondaşuv kelgusida sport sohasida samarali faoliyat yuritadigan, mustaqil fikrlaydigan va zamonaviy bilimlarga ega mutaxassislarni kamol toptirişga xizmat qiladi.
Taʼlim muassasasining ilmiy-pedagogik salohiyati ham uning asosiy ustunliklaridan biri. Universitetda fan doktorlari, professorlar, dotsentlar, falsafa doktorlari (PhD), şuningdek, tajribali katta öqituvçilar va öqituvçilar faoliyat yuritmoqda. Professor-öqituvçilarning boy amaliy tajribasi, ilmiy izlanişlari va kasbiy fidoyiligi taʼlim sifatini oşiriş, iqtidorli yoşlarni aniqlaş hamda ularni sportda yuqori natijalarga erişişga tayyorlaşda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sönggi yillarda universitetda talabalar hamda professor-öqituvçilar örtasida futbol va mini-futbol musobaqalarini muntazam ötkaziş anʼanaga aylangan. Uşbu musobaqalardan közlangan asosiy maqsad jamoada döstona va soğlom muhitni şakllantiriş, soğlom turmuş tarzini tarğib qiliş, yoşlarning sportga bölgan qiziqişini oşiriş hamda istiqbolli futbolçilarni saralab olişdan iborat. Şu bilan birga, bunday tadbirlar talabalar va ustozlar örtasidagi hamjihatlikni mustahkamlaş, jamoaviylik va özaro hurmat tuyğularini rivojlantirişga ham xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining futbolni rivojlantiriş va mahallalarda sport infratuzilmasini kengaytirişga qaratilgan farmon va qarorlari ijrosi doirasida universitetimizda ham muayyan işlar amalga oşirilmoqda. Jumladan, mahalla yoşlarini futbolga keng jalb etiş maqsadida maxsus futbol tögaraklari taşkil etilgan. Ayni paytda uşbu tögaraklarda 200 nafardan ortiq yoşlar darsdan taşqari vaqtlarda muntazam ravişda futbol bilan şuğullanib kelmoqda.
Mazkur maşğulotlarni kafedramiz professor-öqituvçilari hamda bitiruvçi kurs talabalaridan iborat malakali mutaxassislar olib bormoqda. Maşğulotlar jarayonida anʼanaviy usullar bilan bir qatorda innovatsion taʼlim texnologiyalari, interfaol öyinlar va videotahlil vositalaridan keng foydalanilmoqda. Bu esa yoş futbolçilarning öyin vaziyatini töğri baholaş, maydonni köra biliş, raqib harakatlarini tahlil qiliş va tezkor taktik qarorlar qabul qiliş könikmalarini rivojlantirişga xizmat qilmoqda.
Şuningdek, maşğulotlarda har bir yoşning jismoniy imkoniyati, texnik tayyorgarligi va individual qobiliyatini inobatga olişga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu esa futbolçilarning şaxsiy mahoratini oşiriş bilan birga, jamoaviy harakatlarning samaradorligini taʼminlaşga ham yordam bermoqda. Eng muhimi, tögaraklar yoşlarning böş vaqtini mazmunli taşkil etiş, ularni zararli odatlardan asraş va soğlom hayot tarziga yönaltirişda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Universitet tarbiyalanuvçilarining Osiyo, jahon va Olimpiya miqyosidagi nufuzli musobaqalarda Vatanimiz şaʼnini munosib himoya qilib kelayotgani barçamiz uçun ğurur va iftixor manbaidir. Qölga kiritilayotgan har bir yutuq zamirida sportçilarning maşaqqatli mehnati, ustoz va murabbiylarning fidoyiligi, şuningdek, puxta taşkil etilgan taʼlim-tarbiya va maşğulot jarayoni mujassam. Bu natijalar yoş avlodni sportga jalb etiş, ularning iqtidorini röyobga çiqariş va professional sportga yönaltiriş borasidagi tizimli işlarning samarasi.
Şaxsan men uçun uşbu nufuzli oliy taʼlim muassasasida faoliyat yuritiş katta şaraf va masʼuliyat. Özbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining professor-öqituvçisi sifatida yoşlarning nafaqat jismoniy, balki maʼnaviy va ruhiy kamolotiga hissa qöşişni özimning kasbiy burçim, deb bilaman.
Zero, sport faqat ğalaba va natija emas. U insonni intizomga, matonatga, jamoa manfaatini şaxsiy manfaatdan ustun qöyişga, qiyinçiliklarni yengib ötişga örgatadi. Şu maʼnoda, taʼlim, tarbiya va sportning özaro uyğunligi barkamol avlodni voyaga yetkazişning muhim şarti hisoblanadi.
Işonçim komilki, universitetimizda yölga qöyilgan taʼlim, ilmiy izlaniş va amaliy sport faoliyatining özaro integratsiyasi kelgusida ham mamlakatimiz futbolining rivojiga munosib hissa qöşadi. Çunki universitet nafaqat malakali mutaxassislar tayyorlaydigan taʼlim maskani, balki yoşlar orzu-intilişlari, birdamlik, soğlom raqobat va yuksak natijalar sari intiliş mujassam bölgan maʼrifat va sport markazidir.
Sirojiddin PÖLATOV,
ÖzDJTSU v.b. professori
ÖzA