Ta’lim infratuzulmasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida Prezident administratsiyasining soha mutaxassislari, FVV akademiyasi va qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Huquqni muhofaza qilish sohasidagi oliy ta’lim muassasalari konsorsiumi”ni tashkil etishga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi.
Ma’lumki, konsorsiumning bosh maqsadi — huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun xalqaro standartlarga mos, yuqori malakali, halol va vatanparvar kadrlar tayyorlaydigan zamonaviy ta’lim tizimini shakllantirishdan iboratdir.

Tadbirda istiqboldagi hamkorlikning ustuvor vazifalari belgilab olindi. Jumladan, ta’lim va uning infratuzilmasida innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish hamda a’zo oliygohlarning kutubxona, laboratoriya va simulyatsion poligonlaridan o‘zaro erkin foydalanishni yo‘lga qo‘yish masalalari, raqamlashtirish va sun’iy intellekt ekotizimga raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt yechimlarini integratsiya qilish, ixtisoslashgan markazlar: kiberkriminalistika, korrupsiyaga qarshi mintaqaviy markaz va Raqamli tahlil markazlari faoliyatini samarali tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tadbirda qayd etilganidek, mazkur vazifalar tomonlarning o‘z mablag‘lari, davlat dasturlari va xalqaro grantlar hisobidan moliyalashtiriladi. Loyihaning amalga oshirilishi sohada uzluksiz kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirib, oliygohlarning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yuksaltirish va jamiyat xavfsizligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, FVV akademiyasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar doirasida “Vatan himoyachilariga tabassum ulashib” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA