Talabalar siyosatdan bahslashdi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Surxondaryo viloyat kengashi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Siyosatdagi yoshlar” intellektual turnirini o‘tkazdi.
Unda Termiz davlat universitetining “Demokratlar” va “Diplomatlar”, Termiz davlat pedagogika institutining “Ma’rifat gulshani”, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialining “Aysberg”, Termiz iqtisodiyot va servis universitetining “Femida”, Termiz muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining “Renasans” jamoalari siyosiy bilim va tafakkurlarini sinovdan o‘tkazdi.
Olti nafar ishtirokchidan iborat jamoalarning bilim va intellektual salohiyatini hakamlar hay’ati munosib baholab bordi.

Qiziqarli bahs-munozaralarga boy bo‘lgan intellektual o‘yin yoshlarning davlat boshqaruvi, qonunchilik va ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga oid bilimlari darajasi, yoshlar o‘rtasida ijtimoiy faollik va jamiyat hayotida ishtirok etishga bo‘lgan qiziqishlari ortishiga, ularning jamoaviy ishlash, tezkor qaror qabul qilish va mantiqiy xulosa chiqarish ko‘nikmalari mustahkamlanishiga xizmat qildi. Turnir chog‘ida iqtidorli, tahliliy fikrlaydigan, faol yoshlar aniqlanib, ularning yagona ma’lumotlar bazasi shakllantirildi.

Turnir yakunida Termiz davlat universitetining “Diplomatlar” jamoasi birinchi, “Demokratlar” jamoasi ikkinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialining “Aysberg” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.

G‘olib va faol ishtirokchilar partiyaning diplom, esdalik sovg‘alari va tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri