Talaba sportchilarimiz Turkiyada shohsupaga ko‘tarildi
O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi delegatsiyasi Turkiyaning Istanbul shahrida tashkil etilgan xalqaro sport festivalida yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi.
Bog‘azichi universiteti tashabbusi bilan o‘tkazilgan “45-Sports Fest 2026” festivalida dunyoning 25 dan ortiq davlatidan 70 dan ziyod universitetning 1000 nafardan ortiq talaba-sportchilari ishtirok etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Guliston davlat universiteti, Urganch davlat universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari futzal, badminton va stol tennisi sport turlari bo‘yicha bahslarda qatnashdi.

Futzal musobaqalarida Guliston davlat universiteti jamoasi xalqaro turnir chempioniga aylandi. Jamoa musobaqa davomida Turkiyaning “BOUN” jamoasini 7:1, Livanning “Sports Fusion” jamoasini 9:2 hisobida mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi. Final bahsida esa Livanning “Livan sport universiteti” jamoasi 10:0 hisobida mag‘lub etildi.
Turnir yakunlariga ko‘ra, Guliston davlat universiteti futzal jamoasi “45-Sports Fest 2026” xalqaro sport festivalining bosh sovrini va chempionlik unvonini qo‘lga kiritdi.

Badminton bo‘yicha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Unda erkaklar o‘rtasidagi juftlik bahslarida Jamshidbek Tuyiyev va Farrux Azadov barcha uchrashuvlarni 2:0 hisobida yakunlab, 1-o‘rinni egalladi. Aralash juftlik bahslarida esa Gulnoza Jumanazarova va Jamshidbek Tuyiyev barcha bosqichlarda raqiblarini 2:0 hisobida mag‘lub etib, musobaqa g‘olibiga aylandi.
Stol tennisi bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida D.Rajabov turkiyalik hamda ruminiyalik raqiblarini mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi. F.Jumaqulov esa 3-o‘rin uchun bahs olib bordi. Qizlar o‘rtasidagi yakkalik bahslarida F.Matrizoyeva hamda N.Nishonova final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Mazkur natijalar O‘zbekiston talaba sportining xalqaro maydondagi ishtiroki va raqobatbardoshligini yana bir bor namoyon etdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA