Talab bor joyda tanazzul bo‘lmaydi
Bugungi kunda O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash, balki aholining turmush darajasini yuksaltirishning ham bosh omiliga aylandi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida muvaffaqiyat qozonishning eng muhim sharti esa — jamiyatdagi o‘zgarishlarni tezkor ilg‘ash va mahsulotga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyojni to‘g‘ri baholay olishdir. Mamlakatimizning eng chekka hududlarida ham tadbirkorlikka yangicha madaniy qarash shakllanayotgani bu fikrni yaqqol tasdiqlamoqda.

Ilgari Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida gulchilik orqali yuqori daromad olish mumkinligiga shubha bilan qaralardi. Boisi, aholining kundalik tashvishlari ustuvor bo‘lib, nafosat va estetikaga bo‘lgan talab ikkinchi darajada edi. Biroq yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, xalqimiz farovonligining izchil oshishi va barcha hududlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari bu sohaga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirdi.
Tumanning “Kulolobod” mahallasida istiqomat qiluvchi tadbirkor Shuhratjon Xo‘jaqulov ana shu o‘zgarishlarni va bozor kon’yunkturasini tezkor tahlil qila oldi. U mahalliy hokimlik ko‘magida 1 gektar maydonda gulchilik xo‘jaligini tashkil etdi. Shundan 50 sotixida barpo etilgan zamonaviy issiqxona mahsulot yetishtirish imkoniyatlarini kengaytirib, yil davomida sifatli gullarni bozorga chiqarish imkonini berdi.

Hozirda xo‘jalik mahsulotlari nafaqat ichki bozorda, balki respublikaning barcha viloyatlari hamda qo‘shni Tojikiston Respublikasidan kelayotgan xaridorlar orasida ham yuqori nufuzga ega. Tadbirkorning yillik sof daromadi qariyb 700 million so‘mni tashkil etmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, beshariqlik tadbirkorning tajribasi “mahallabay” ishlash tizimi doirasida oilaviy tadbirkorlikni qanday qilib yirik biznesga aylantirish mumkinligiga yorqin misol bo‘la oladi. Shuhratjon Xo‘jaqulovning kelgusidagi rejalari yanada salmoqli: u nafaqat issiqxona maydonlarini kengaytirish, balki tumanda o‘ziga xos “gulchilik maktabi”ni yaratishni maqsad qilgan. Bu esa hududdagi yuzlab yoshlarni ish bilan ta’minlash, sohani ilmiy asosda rivojlantirish va kelgusida gulchilikni tumanning o‘ziga xos “drayveri” ga aylantirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Zero, ehtiyoj asosida qurilgan biznes hech qachon inqirozga yuz tutmaydi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA