Tajriba, ilmiy yondaşuv va salomatlik uyğunligi
Kimdir salomatligini asraşda ajdodlar tajribasiga tayanadi, yana kimdir zamonaviy tibbiyot imkoniyatlarini afzal köradi. Aslida esa masala ulardan birini tanlaşda emas, balki inson salomatligi uçun qaysi usul samarali, işonçli va xavfsiz ekanini aniqlaşdadir.
Şu nuqtai nazardan, xalq tabobati va zamonaviy tibbiyot örtasidagi munosabat dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Insonlar asrlar davomida şakllangan tabobat usullaridan foydalanib kelayotgan bir paytda, zamonaviy tibbiyot ilmiy tadqiqotlar, yangi texnologiyalar va aniq taşxislaş usullari asosida rivojlanmoqda. Bunda, albatta, bu ikki yönalişni bir-biriga qarama-qarşi qöyiş emas, balki ularning imkoniyatlarini töğri baholaş muhimdir.
Xalq tabobati inson salomatligini saqlaş, kasalliklarning oldini oliş va ayrim xastaliklar alomatlarini yengillaştirişga qaratilgan köp asrlik tajribalar majmuidir. Unda dorivor ösimliklar, tabiiy mahsulotlar, parhez va soğlom turmuş tarziga oid usullardan foydalanib kelingan. Bu bilimlar avloddan avlodga ötib, xalqning hayotiy tajribasi, tabiat haqidagi tasavvurlari va madaniy merosi bilan boyib borgan.
Dorivor ösimliklardan foydalaniş xalq tabobatining keng tarqalgan yönalişlaridan sanaladi. Turli hududlarda yalpiz, moyçeçak, naʼmatak, zira, zirk kabi ösimliklardan damlama va qaynatmalar tayyorlaş anʼanasi mavjud. Ularning ayrimlari tarkibidagi biologik faol moddalar va organizmga taʼsiri ilmiy tadqiqotlarda ham örganilmoqda. Biroq xalq orasida keng tarqalgan har qanday usulni samarali va xavfsiz deb qabul qiliş töğri emas. Ularning taʼsiri, qöllaş meʼyori va ehtimoliy nojöya oqibatlari ilmiy jihatdan baholanişi lozim.
Zamonaviy tibbiyotning asosiy ustunligi taşxis qöyiş va davolaş jarayonlarining ilmiy dalillarga tayanişidadir. Laboratoriya va instrumental tekşiruvlar, klinik tadqiqotlar, yangi dori vositalari hamda yuqori texnologiyali muolajalar kasalliklarni erta aniqlaş va samarali davolaşga xizmat qilmoqda. Şu bois xalq tabobati usullari zamonaviy tibbiyotning örnini bosuvçi vosita sifatida emas, balki samaradorligi va xavfsizligi tasdiqlangan holatlarda qöşimça yondaşuv sifatida körib çiqilişi kerak.
Bunda bemor xavfsizligi birinçi örinda turişi şart. «Tabiiy mahsulot zarar qilmaydi», degan qaraş har doim ham töğri emas. Ayrim ösimliklar allergik reaksiyalar va boşqa nojöya taʼsirlarni keltirib çiqarişi, şuningdek, qabul qilinayotgan dori vositalari bilan salbiy taʼsirga kirişişi mumkin. Homilador ayollar, bolalar, keksalar va surunkali kasalliklari bor bemorlar bunday vositalardan mutaxassis maslahatisiz foydalanmasliklari zarur.
Eng muhimi, xalq tabobati usullaridan foydalaniş jiddiy kasalliklarni aniqlaş va davolaşni keçiktirmasligi kerak. Kuçli oğriq, yuqori harorat, nafas qisişi, qon ketişi yoki ahvolning keskin yomonlaşişi kabi belgilar kuzatilganda, özboşimçalik bilan davolanişga urinmasdan, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qiliş lozim. Bemor ösimlik damlamalari, biologik faol qöşimçalar yoki boşqa tabiiy vositalardan foydalanayotgan bölsa, bu haqda davolovçi şifokorga albatta maʼlum qilişi kerak.
Anʼanaviy tibbiyot imkoniyatlarini ilmiy asosda örganiş xalqaro miqyosda ham eʼtibor markazida. Jahon soğliqni saqlaş taşkilotining 2025–2034-yillarga möljallangan anʼanaviy tibbiyot böyiça global strategiyasida uşbu yönalişni ilmiy dalillar asosida rivojlantiriş, xavfsizlik va sifat talablarini kuçaytiriş, milliy soğliqni saqlaş tizimlari bilan hamkorlikni kengaytiriş masalalariga alohida urğu berilgan.
Mazkur yondaşuv xalq tabobatiga oid bilimlarni şunçaki anʼana sifatida saqlaş bilan çeklanmasdan, ularni zamonaviy ilmiy mezonlar asosida çuqur örganiş lozimligini körsatadi. Bu borada tibbiyot muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va oliy taʼlim taşkilotlari hamkorligi alohida ahamiyatga ega. Dorivor ösimliklarning tarkibi, taʼsir mexanizmi, samaradorligi va xavfsizligini tadqiq etiş ulardan oqilona foydalanişga yöl oçadi.
Xulosa qilib aytganda, xalq tabobati va zamonaviy tibbiyotni bir-biriga muqobil yönalişlar sifatida emas, balki inson salomatligi manfaatlaridan kelib çiqib baholaş lozim. Ajdodlar tajribasi — qadrli meros, zamonaviy tibbiyot esa ilmiy dalillar va texnologiyalarga tayangan işonçli tizimdir. Ularning özaro uyğunligi faqat ilmiy asoslangan, samaradorligi va xavfsizligi tasdiqlangan usullar orqali taʼminlanadi. Zero, har qanday yondaşuvning boş mezoni — inson hayoti, salomatligi va xavfsizligidir.
Dilorom Ergaşeva,
Guliston davlat universiteti Klinik fanlar kafedrasi katta öqituvçisi
ÖzA