Tailanddagi maktabda otishma sodir bo‘ldi
Tailandning Nontxaburi muzofotida joylashgan Debsirin maktabida yuz bergan mudhish otishma oqibatida olti kishi halok bo‘ldi, 15 kishi turli darajada jarohat oldi. Mahalliy hokimiyat xabariga ko‘ra, xujumni shu maktab o‘quvchisi sodir etgan. Bu haqda “Ap News” nashri ma’lum qildi.
Fojia tufayli uch o‘qituvchi va uch o‘quvchi hayotdan ko‘z yumdi. Jabrlanganlarning ikki nafari o‘ta og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Fojiani sodir etgan o‘quvchining o‘zi ham voqea joyida og‘ir yaralanib, tibbiyot muassasasiga yetkazilgan. Dastlabki surishtiruvga ko‘ra, u qarindoshlaridan biriga tegishli o‘q otar quroldan foydalangan.
Hodisa payti maktabda kuchli vahima ko‘tarilgan. Sinf xonalariga yashiringanlarning bir qismi jon saqlab qolish uchun deraza orqali tashqariga qochishga majbur bo‘lgan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiya xodimlari hudud xavfsizligini ta’minlab, odamlarni binodan tartibli ravishda evakuatsiya qilgan.
Mamlakat Bosh vaziri Anutin Charnvirakul halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, fojia sababini atroflicha o‘rganish hamda jabrlanganlarga tezkor yordam ko‘rsatish bo‘yicha topshiriq berdi. Hozir huquq-tartibot idoralari hodisa sababi va qurol maktab hududiga qanday olib kirilgani yuzasidan surishtiruv olib boryapti.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA