Taekvvondo WT: Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Ulug‘bek Rashidovning texnik imkoniyatlari ilmiy asosda tahlil qilindi
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Ilmiy tadqiqotlar markazida taekvondo WT bo‘yicha ikki karra Olimpiya o‘yinlari chempioni Ulug‘bek Rashidovning zarba kuchi, tezligi va aniqligi yakka kurashchi zarbalarini o‘lchashga mo‘ljallangan dasturli apparat majmuasi yordamida tahlil qilindi.
Ilmiy izlanishlar davomida mahoratli taekvondochining zarba berish biomexanikasi, harakat koordinatsiyasi, muvozanati, tezkorligi va tana segmentlari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqliklar chuqur o‘rganildi.
Olingan natijalar asosida sportchining individual biomexanik modeli yaratiladi hamda texnik harakatlarni yanada takomillashtirish, sport natijadorligini oshirish va jarohatlar xavfini kamaytirishga qaratilgan ilmiy tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Mazkur tadqiqotlar O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida sport biomexanikasi yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy ishlarga yangi sur’at bag‘ishlaydi.
Sun’iy intellekt, raqamli harakat tahlili va zamonaviy biomexanik texnologiyalarni sport tayyorgarligi jarayoniga integratsiya qilish orqali yuqori malakali sportchilarning funksional imkoniyatlarini ilmiy asosda baholash va rivojlantirish bo‘yicha yangi yondashuvlar ishlab chiqilmoqda.
Sport biomexanikasi laboratoriyasi mamlakatimiz sportchilarining xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlarini ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning texnik tayyorgarligini takomillashtirish hamda sport fanini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam sanaladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA