Taekvondochilar Koreya Respublikasi elchisi kubogida bellashadi
Poytaxtimizdagi “Universal” sport majmuasida "Butunjahon taekvondo kuni" munosabati bilan Koreya Respublikasi elchisi kubogi musobaqasi boshlandi.
Musobaqaning tantanali ochilish marosimida sport vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov, Koreya Respublikasi elchisi janob Von do Yon boshchiligidagi delegatsiya, O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi bosh kotibi Murodjon Mamadaliyev ishtirok etib, o‘zbekistonlik taekvondochilarning xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlarini e’tirof etdi.

Xususan, “Tokio-2020” va “Parij-2024” Olimpiadasida, jahon va qit’a chempionatlarida erishilgan tarixiy g‘alabalar, mamlakatimizda taekvondo sport infratuzilmasini rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni tanlash va saralash borasidagi keng qamrovli ishlarga yuqori baho berildi.
Tadbir davomida Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi muxtor elchisi Von do Yon yosh taekvondochilarga musobaqada omad yor bo‘lishini tilab, o‘z esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Musobaqa dasturiga ko‘ra, bugun pumse (ko‘rgazmali chiqish) yo‘nalishidagi bahslar o‘tkazilsa, ertaga kyorugi (jang) bo‘yicha bellashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan mazkur musobaqada yigitlar va qizlar 10 tadan vazn toifasida dayanga ko‘tariladi.
Koreya Respublikasi elchisi kubogi an’anaviy musobaqasida respublikamizning 350 nafar sportchisi ishtirok etmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA