Tadbirkorlik markazi ish boshladi
Andijon shahrida “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasi hamda Germaniyaning “German Sparkassenstiftung” kompaniyasi hamkorligidagi xalqaro loyiha doirasida xotin-qizlar uchun Tadbirkorlik markazi ish boshladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda aholining, xususan, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish va hal etish, turmush farovonligi va yashash sharoitlarini yaxshilash, kasb-hunarga o‘qitish hamda bandligini ta’minlash orqali daromadlarini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirishda hamkorlik loyihalari doirasida xalqaro tashkilotlar ham faol ishtirok etmoqda.


Xususan, “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasi hamda Germaniyaning “German Sparkassenstiftung” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan, doimiy ish olib boradigan xotin-qizlar Tadbirkorlik markazi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi.
“Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi o‘rinbosari Nigoraxon Yaqubova, “German Sparkassenstiftung” kompaniyasining O‘zbekistondagi regional filiali rahbari Matias Vangler, tadbirkor va tadbirkorlik qilish, kasb-hunar o‘rganish istagidagi xotin-qizlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida markaz ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda so‘z olganlar mazkur markazning maqsad va vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari xususida gapirdi.
“German Sparkassenstiftung” kompaniyasining moliyaviy ko‘magida eng zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan markazda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash niyatidagi opa-singillarimiz uy mehmonxonasi, uy-bog‘cha, go‘zallik saloni, issiqxona tashkil etish, tikuvchilik, bog‘dorchilik, hunarmandchilik, qandolatchilik hamda kompyuter savodxonligi, IT va boshqa qator yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarida bepul o‘qitiladi.

Mashg‘ulotlar “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasi hamda uyushmaning Andijon filiali malakali mutaxassis va trenerlari tomonidan olib boriladi.
– Markazning asosiy faoliyati xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, ayollarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish, qayta tayyorlash va o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishlariga ko‘maklashishdan iborat, – deydi “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi o‘rinbosari Nigoraxon Yaqubova. – Bu orqali opa-singillarimizning doimiy daromad manbai shakllantiriladi, ularning jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishiga yordam ko‘rsatiladi.


Mashg‘ulotlarni yakunlagan xotin-qizlarga markaz tomonidan maxsus sertifikat berilib, imtiyozli kredit olish uchun banklarga yo‘naltiriladi. Ularga zarur yordamlar ko‘rsatilib, kelgusi faoliyatlari monitoring qilib boriladi.
Mehmonlar tadbir doirasida tashkil etilgan hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalarini katta qiziqish bilan tomosha qildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari