Tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaati ta’minlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi sho‘’basi tomonidan 2026-yilning o‘tgan davrida tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
– Joriy yilning 7 oyi mobaynida 520 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, 433 ta murojaat ko‘rib chiqilgan, shundan 161 tasi bo‘yicha tadbirkorning huquqlari tiklandi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni Qoraqalpog‘iston Respublikasi sho‘’basi mudiri Yernazar Dosanov – 272 ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilgan, 37 tasiga ijrosi bo‘yicha yuborilgan, 12 tasi rad etilgan. “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlari kechayu kunduz qabul qilinib, hal etish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, 150 ta murojaat ko‘rib chiqilib, ijobiy hal qilingan.
Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor O.Torayevaning nodavlat ta’lim muassasasi faoliyati bilan shug‘ullanish uchun bitim muddatini uzaytirib berishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkorning nodavlat ta’lim muassasasi faoliyati bilan shug‘ullanish uchun davlat-xususiy sheriklik bitimning amal qilish muddati 2026-yil 30-may kuni tugagan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, bitmi muddati tugashidan bir oy oldin, bitimning amal qilish muddatini uzaytirish yuzasidan NMTTBAT orqali elektron ariza yuborishi, aks holda bitim avtomatik ravishda bekor qilinishi belgilangan. Lekin, tadbirkor belgilangan tartib va qoidalardan xabari bo‘lmaganligi sababli faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan.
Ta’kidlash lozimki, Biznes ombudsman tomonidan tadbirkorlarning muammo va takliflarini eshitish maqsadida tadbirkorlar bilan doimiy ochiq muloqot o‘rnatilganligi va ana shunday uchrashuvlarning birida yakka tartibdagi tadbirkor O.Torayevaning muammosiga yechim topildi.
Ya’ni, Biznes ombudsman tomonidan tadbirkorga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatilib, 2026-yil 15-iyun kuni “Oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini moddiy-texnik va uslubiy jihatdan ta’minlash shaklidagi davlat xususiy-sheriklikni amalga oshirish bo‘yicha” bitim tuzishga muvaffaq bo‘lindi. Ushbu tadbirkorning murojaatini hal qilish hisobiga tadbirkor faoliyati tiklanib, undagi o‘nga yaqin ish o‘rni saqlab qolinishiga erishildi.
Tekshiruvlar qonuniyligi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring doirasida 10 ta nazorat organi tomonidan 95 ta holatda tekshirish o‘tkazish va noqonuniy tekshirish o‘tkazish tartibi buzilganligi aniqlandi. Masalan, Beruniy tumanidagi “Qaysar” fermer xo‘jaligi (nomi o‘zgartirilgan) faoliyatida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olinmasdan noqonuniy tekshiruv o‘tkazilgan. Ushbu tekshirishdan norozi bo‘lib huquqlarini himoya qilishda amaliy yordam so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan. O‘rganishda, tadbirkor faoliyatida o‘tkazilgan noqonuniy tekshirish holati yuzasidan mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jazo chorasi qo‘llanildi.
Ta’kidlash lozimki, Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlar doimiy ravishda monitoring o‘tkazilib, ular faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarga o‘z vaqtida tegishli choralar ko‘rib kelinmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri