Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar
«Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi» DUK Andijon viloyati hududiy filiali vakili Jamshidbek Isroilov tadbirkorlar uchun davlat mulki va yer uchastkalarini sotib olish bo‘yicha yangi imtiyoz va qulayliklar joriy etilgani haqida so‘z yuritdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 18-avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, davlat aktivlari va yer uchastkalarini iqtisodiy aylanmaga kiritish, biznes uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Jumladan, davlat aktivlarini xarid qilish yanada qulaylashadi. Ya’ni, tadbirkor davlat aktivini sotib olishda dastlabki to‘lov 30 foizdan 15 foizga tushiriladi. Aktiv qiymatini 6 oy ichida to‘liq to‘lagan tadbirkorga 25 foizlik chegirma beriladi.
Shuningdek, xarid summasining 50 foizini to‘lagan tadbirkor qolgan qismini 7 yil davomida foizsiz bo‘lib to‘lashi mumkin bo‘ladi. Bu tadbirkorlarga katta miqdordagi mablag‘ni birdaniga sarflamasdan, sotib olingan mulkdan samarali foydalanish va ushbu mablag‘ni biznes faoliyatiga yo‘naltirish imkonini beradi.
Endilikda hokimliklar yerlarni qurilish ruxsati, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va loyiha hujjatlari bilan birgalikda “tayyor paket” shaklida auksionga chiqaradi. Natijada tadbirkor yer uchastkasini xarid qilgach, ortiqcha byurokratik jarayonlarsiz qurilish ishlarini boshlashi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, infratuzilma yig‘imi bo‘yicha avans to‘lovi 20 foizdan 5 foizga kamaytiriladi. Bu ham yangi loyihalarni boshlashda tadbirkorning moliyaviy yukini sezilarli darajada yengillashtiradi. Banklar balansidagi 2,5 mingta mulk tadbirkorlarga taklif etiladi.
Tadbirkorlar uchun yana bir katta imkoniyat – banklar balansida turgan ko‘chmas mulklarni biznesga jalb qilishdir. Banklar balansidagi umumiy qiymati 9 trillion so‘mlik 2,5 mingta mulkni chegirmali narxda, boshlang‘ich to‘lovsiz va foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat beriladi.
Yangi tartiblar davlat aktivlari va yer uchastkalarini tadbirkorlarga yanada qulay shartlarda taklif etish, bo‘sh turgan va samarasiz foydalanilayotgan mulklarni iqtisodiy aylanmaga kiritish hamda sarmoyaviy loyihalarni tezroq amalga oshirishga qaratilgan.
Eng muhimi, tadbirkorlar uchun yaratilayotgan ushbu imkoniyatlar yangi korxonalar tashkil etish, ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va hududlarning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Faxriddin Ubaydullayev yozib oldi,
O‘zA muxbiri.