Bank-moliya akademiyasida tizim islohotlari va rivoji muhokama qilindi
O‘zbekiston bank-moliya tizimining kelajagi Bank-moliya akademiyasida muhokama qilindi. Anjuman islohotlar, raqamli transformatsiya va barqaror rivojlanish yo‘llarini ochib berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida “O‘zbekiston bank-moliya tizimini barqaror rivojlantirish istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Bank-moliya akademiyasi rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, olimlar, davlat tashkilotlari, Markaziy bank, tijorat banklari va moliya muassasalari vakillari ishtirok etdi.

Anjumanni Bank-moliya akademiyasi rektori Elmurod Hoshimov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda bank-moliya tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, moliyaviy institutlar faoliyatini takomillashtirish va iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlashda moliya tizimining o‘rniga to‘xtaldi.
Sohaning yetakchi mutaxassislari va amaliyotchilari davlat byudjeti va byudjetdan tashqari mablag‘lardan samarali foydalanishni nazorat qilishda yangi yondashuvlar, pul-kredit siyosati va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashning zamonaviy mexanizmlari, buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish masalalarini yoritib berdilar.

Ayniqsa, tijorat banklarida raqamli transformatsiya va sun’iy intellektga asoslangan kredit skoringini joriy etish imkoniyatlari hamda bu jarayonda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir doirasida Islom moliyasi tamoyillariga asoslangan moliyaviy mahsulotlarni amaliyotga joriy etish, tadbirkorlik sub’ektlari va aholi uchun moliyalashtirishning muqobil manbalarini shakllantirish hamda xalqaro tajribani milliy moliya tizimi xususiyatlaridan kelib chiqib tatbiq etish masalalariga e’tibor qaratildi.

Anjumanning ikkinchi sessiyasida bank-moliya tizimining rivojlanishi bilan bog‘liq dolzarb masalalarga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruzalar tinglandi. Ularda raqamli transformatsiya orqali mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirish, aksiyadorlik jamiyatlari moliyasini samarali tashkil etish, kambag‘allikni qisqartirishda ijtimoiy sug‘urta tizimidan foydalanish, qimmatli qog‘ozlar bozorida individual investorlar faolligini oshirish va moliyaviy tahlilni takomillashtirish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Anjuman doirasida barcha masalalar bank-moliya tizimining barqarorligini mustahkamlash, moliyaviy resurslardan samarali foydalanish va zamonaviy moliyaviy instrumentlarni amaliyotga joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA