Tadbirkorlar bilan uchrashuv
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yangi loyihalarni ishga tushirishda uchrayotgan muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish bo‘yicha navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev Nukus shahri, Taxiatosh va Nukus tumanlaridagi tadbirkorlar bilan yaqindan muloqot qildi.
Dastlab, Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ular uchun barcha qulay sharoitlarni yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Qoraqalpog‘iston uchun alohida qabul qilingan farmon va qarorlar asosida berilgan imtiyozlar haqida keng turda ta’kidlab o‘tildi.

Uchrashuvda joriy yilda amalga oshirilishi belgilangan hududiy investitsiya loyihalarini ishga tushirish, yangi korxonalar faoliyatini tashkil etishdagi muammolarni bartaraf etish, mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish kabi masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, berilgan imtiyozlardan keng tarzda foydalanib, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha fikr almashilib, tadbirkorlarning takliflari, muammolari tinglandi.
Uchrashuv yakunida vazifalar belgilab olinib, muammolarga yechim topish bo‘yicha tegishli rahbarlarga topshiriqlar berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri