Tadbirkor-shifokorga samimiyat va fidokorlik e’tirofi
Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan nashrdan chiqqan, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Vasila Turdiboyeva qalamiga mansub “Bizning Shoiraxon” nomli kitobda mahoratli hakimaning ibratli hayoti, zahmatli faoliyati hikoya qilinadi. Shuningdek, kitob sahifalaridan ko‘plab minnatdor va havasmand qalblar izhori ham o‘rin olgan.
Har inson hayoti bir kitob bo‘lishga arzigulik. Biroq bu bitiklar mazmuni, qahramonida go‘zal insoniy fazilatlar bisyorligi, umrning naqadar ulug‘ ne’mat ekanini anglatishi bilan bir-biridan farq qiladi.
Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi “Shoira Med” xususiy tibbiyot klinikasi rahbari, oliy toifali shifokor, ajoyib ayol Shoiraxon Burxonova ana shunday mazmunli umr yo‘llariga ega ayol. U nafaqat o‘ttiz besh yillik kasbiy tajribasi va tadbirkorlik tashabbusini uyg‘unlashtirib, aholi salomatligiga xizmat qiladigan zamonaviy tibbiy maskanni tashkil etgan tadbirkor, balki ming-minglab xotin-qizlar dardiga shifo, onalik istagidagilarga esa baxt ulashib kelayotgan fidoyi shifokordir.

“Bizning Shoiraxon” nomli kitob taqdimoti Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Namangan viloyati bo‘limi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda Davlatobod tumani hokimligi hamkorligida tashkil etildi.
Viloyat madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda kitob muallifi – taniqli jurnalist Vasila Turdiboyeva so‘zga chiqib, kitobning yaratilish sababi va jarayoni xususida so‘z yuritdi.

– Prezidentimizning joriy yilning avgust oyida “Tadbirkorlar kuni” munosabati bilan biznes sub’ektlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotida yurtimiz iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi farovonligini yuksaltirish yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan faol ishbilarmonlar faoliyati haqida kitob yozish tashabbusi bildirilganidan ilhomlangan holda kamina ham kitob nashr qilishga kirishdim, – deydi Vasila Turdiboyeva. – Shu ma’noda, kitobni bundan 25 yil avval to‘g‘ri tashxis qo‘yib, hayotimni asrab qolgan tajribali vrach Shoiraxon Burxonovaga minnatdorlik sifatida bag‘ishlashga ahd qildim. O‘ylaymanki, yangi nashr keng kitobxonlar ommasiga, ayniqsa, tibbiyot sohasiga endigina kirib kelayotgan yosh mutaxassislar hamda talabalarga manzur keladi.
Tadbirda shifokorning bosib o‘tayotgan sharafli hayot yo‘li, yuksak insoniy fazilatlari alohida e’tirof etildi. Kitob qahramonining ustozlari, Andijon va Farg‘ona viloyatlaridan kelgan sobiq kursdoshlari, shogirdlarining samimiy va iliq mulohazalari taqdimotga yanada yuqori mazmun va fayz bag‘ishladi.

Taqdimot nihoyasida Shoiraxon Burxonova ijodkorlar, tadbir tashkilotchilari, mehmonlarga sidqidildan tashakkur izhor qildi. Shuningdek, kuy-qo‘shiq va raqslar dillarga o‘zgacha zavq-shavq bag‘ishladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.