Belarus va O‘zbekiston birja savdosini kengaytirmoqda
"BelTA" axborot agentligi Belarus universal tovar birjasi (BUTB) matbuot xizmatiga tayanib xabar berishicha, ushbu mamlakat O‘zbekiston bilan to‘qimachilik mahsulotlari birja savdosini kengaytirish rejasini tuzgan.
To‘qimachilik sanoati uchun o‘zaro muntazam ravishda xom ashyo va material yetkazib berish ikki davlat o‘rtasidagi birja savdosi hajmini oshirishning yangi nuqtasi bo‘lishi mumkin. Shuningdek, o‘zbek biznesi vakillarida Belarus elektron platformasi imkoniyatidan yanada faol foydalanish imkoni paydo bo‘lgan. Bu haqda mamlakatimiz to‘qimachilik korxonalari delegatsiyasi bilan uchrashuvda BUTB Tashqi iqtisodiy faoliyat boshqarmasi boshlig‘i Yaroslav Kovalchuk ma’lum qildi. Jamoaning Minsk shahridagi markaziy ofisida bo‘lib o‘tgan tadbir ishbilarmon doiralarning 60 ga yaqin vakilini to‘pladi.
2026-yil sakkiz oyi ma’lumotiga ko‘ra, hamkor tomon platformasida ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston kompaniyalari ishtirokida tuzilgan barcha bitimlar qiymatining 65 foizi yoki 65 million dollari Belarus yog‘och mahsulotlari, birinchi navbatda taxta materiallari xaridiga to‘g‘ri keldi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb uchdan bir qism ko‘p. Bundan tashqari hamyurtlarimizning ushbu o‘lkada ishlab chiqarilgan quruq sutga talabi sezilarli darajada oshgan. Ya’ni, 2025-yil yanvar-avgust oylariga nisbatan sotuv o‘sishi sur’ati 169 foizga yetdi.
To‘qimachilik mahsulotlari O‘zbekiston bilan birja savdosining yana bir istiqbolli yo‘nalishi hisoblanadi. Xususan, Minskda talab yuqori bo‘lgan paxta va poli efir ipi o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar tomonidan jadal sotilmoqda. O‘tgan yilga nisbatan bitim miqdori bir necha barobar oshgan. Demak, hamkorlik ko‘lamini kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjud. O‘z navbatida, Belarus korxonalari bizning bozorga bugungi kunda eng xaridorgir tovarlar qatoriga kiruvchi zig‘ir tolasi yetkazib berishga tayyor.
Uchrashuv chog‘ida sanoat va iste’mol tovarlari birja savdosiga alohida e’tibor qaratildi. Hozirgi kunda BUTB orqali 305 rezidentimiz, jumladan birja brokeri maqomiga ega ikki kompaniyamiz ro‘yxatdan o‘tgan. Yil boshidan buyon platformaga O‘zbekistondan 53 nafar yangi ishtirokchi qo‘shildi.
2004-yil tashkil etilgan “Belarus universal tovar birjasi” OAJ orqali dastlabki savdo o‘tgan yil iyun oyida o‘tkazilgan. Sharqiy Yevropadagi eng yirik tovar birjalaridan biri hisoblangan BUTB jamoasining asosiy vazifasi mahalliy korxonalarga mahsulot eksport qilishda ko‘maklashish va xorijiy kompaniyalarning ichki bozoriga kirishiga yordam berishdan iborat. Birjada metall, yog‘och, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, keng turdagi sanoat va iste’mol tovarlari sotiladi.
Abdug‘afur Mamatov, O‘zA