Tabiatni asrab-avaylash, ekologik barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi ustuvor vazifalar
Bugungi kunda insoniyat oldida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatdan oqilona foydalanish, bioxilma-xillikni asrash, ekologik muammolarni hal etish kabi dolzarb vazifalar turibdi. Global iqlim o‘zgarishi jarayonida umuminsoniy manfaatlarga qaratilgan sa’y-harakatlar nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlar taqdiri uchun ham hayotiy zaruratga aylanmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan dunyo miqyosida global ekologik muammolarni bartaraf etish, tabiiy muvozanatni saqlash, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish maqsadida ilgari surilgan qator tashabbuslar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani O‘zbekistonning xalqaro maydonda o‘rni va nufuzi mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida jahon hamjamiyatini Orol dengizi butkul qurishining oldini olishga chaqirdi.
Dengizning qurishi bilan bog‘liq oqibatlarni bartaraf etish xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni faol birlashtirishni taqozo etishini ta’kidladi. Prezidentimizning taklifiga binoan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi. Ushbu muhim hujjat Orolbo‘yi mintaqasi ekologiyasini va aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan birgalikdagi choralarni amalga oshirishga investitsiyalar jalb qilish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Davlatimiz rahbarining yana bir tashabbusi bilan BMTning Orolbo‘yi hududi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik Trast fondi tuzilgani, bu fond og‘ir ekologik hududda yashayotgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatish uchun xalqaro hamjamiyatning tayanch platformasi bo‘lib xizmat qilayotgani ham e’tiborga molikdir. Orol dengizining qurigan tubida ekologik holatni barqarorlashtirish muhim masala hisoblanadi. Shu maqsadda o‘tgan yillar mobaynida ikki million gektar maydonda «yashil qoplamalar» – himoya o‘rmonzorlari barpo etildi, kelgusida uning ko‘lami yanada kengaytiriladi.
2023 yili Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tgan COP28 sammitida, 2024 yili Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi COP29da ham davlatimiz rahbari tomonidan dunyo mamlakatlarini tashvishga solayotgan iqlim o‘zgarishini yumshatish va global ekologik tahdidlarni birgalikda bartaraf etishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surildi.
Ta’kidlash lozim, yurtimizda 2025 yilga “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot” yili”, deb nom berilgani nafaqat O‘zbekiston, balki sayyoramizda dunyo ahlini tashvishga solayotgan iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini kamaytirish, ekologik vaziyatni yaxshilash, bioxilma-xillikni muhofaza qilish, “yashil” hududlarni kengaytirish, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgani bilan yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, tabiatni asrash — insonni asrash demakdir.
Odatda, elimizda azaldan katta tadbirlarga kirishishdan avval ko‘pchilik bilan maslahat qilingan, fikr almashilgan. Bu, o‘z navbatida, odamlar orasidagi ahillik, hamjihatlikni mustahkamlagan, ezgu ishlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga zamin yaratgan. Yangi O‘zbekistonda ushbu an’ana davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Har bir yurtdoshimiz mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga tegishli hujjatlar qabul qilinishida bevosita ishtirok etib, bu borada o‘z taklif va mulohazalarini bildirish imkoniga ega bo‘ldi.
Yaqinda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yilida amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
Yil nomiga monand tarzda ishlab chiqilgan davlat dasturi loyihasidan “yashil” texnologiyalarni joriy etish, suvni tejash, ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytirish, Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, chiqindilar muammosini hal qilish, tabiatni asrab-avaylash, ekologik barqarorlikni ta’minlash kabi dolzarb vazifalar o‘rin olgan.
Davlat dasturi loyihasida 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha belgilangan bir qator chora-tadbirlar O‘zbekiston Ekologik partiyasi Saylovoldi dasturida ilgari surilgan g‘oyalarga hamohang bo‘lib, partiyamiz platformasidan bugungi va kelajak avlod uchun qulay atrof-muhitni yaratish, xavfsiz va samarali bo‘lgan yashil iqtisodiyotga o‘tish, bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda yashil va musaffo hayot barpo etishning ustuvor yo‘nalishlari o‘z ifodasini topgan.
Muhokama qilinayotgan davlat dasturi loyihasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 million tup ko‘chat ekib borish va respublikada yashillik darajasini 30 foizga yetkazish, 1 984 ta yashil bog‘ barpo etish, 112 ta yirik sanoat korxonasi tomonidan o‘z va tutash hududlarida uch yil davomida 30 mln. tup ko‘chatdan iborat “yashil belbog‘”lar yaratish ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joizki, ekologik muammolar global ko‘rinish kasb etayotgan hozirgi davrda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, atrof-muhitni muhofaza qilish, atmosfera havosi musaffoligini ta’minlashda eng muhim tadbirlardan biri – daraxt ekish hisoblanadi.
Aslini olganda, daraxt ekib, bog‘ barpo etish xalqimizga xos azaliy qadriyat sanaladi. Ota-bobolarimiz do‘ppisida suv tashib bo‘lsa ham daraxt ko‘kartirgan, hovlisidagi bir parcha yerga ham gulu rayhon ekib qo‘ygan. Bugun ezgulikka yo‘g‘rilgan bu an’ana Yangi O‘zbekistonda zamon bilan hamnafas tarzda, yangi tashabbuslar ko‘rinishida namoyon bo‘lmoqda. Korxona, tashkilot, muassasalar tasarrufidagi hududlarda, shaharu qishloqlarimiz, qolaversa, 10 mingga yaqin mahallalarda bir vaqtning o‘zida millionlab daraxt ko‘chatlarining o‘tqazilishini tasavvur qilish har birimiz uchun naqadar maroqli.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi daraxt ko‘chatlarini ekish va parvarish qilish kabi ishlarga har bir tashkilot, har bir yurtdoshimiz vijdonan o‘z hissasini qo‘shishi zarur. Shundagina shaharu qishloqlarimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shuvchi bog‘-rog‘lar ko‘payib boraveradi.
Davlat dasturi loyihasida mamlakatimizda ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, inson hayotiga ta’sir o‘tkazuvchi ekologik muammolarni bartaraf etish yuzasidan 14 ta hududda ekologik toza hudud rejimini joriy qilish belgilanayotgani ham e’tiborga molik.
Bundan tashqari, o‘rmon bilan qoplangan maydonlarni 6,1 mln. gektarga, Orolbo‘yi mintaqasidagi o‘rmonzorlarni 2,3 mln. gektarga yetkazish, atmosferaga chiqarib tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini 10,5 foizga kamaytirish hamda 249 ta sanoat korxonasida lokal oqova tozalash inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
2025 yil 1 maydan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida atrof-muhitga, odamlar salomatligiga zarari yuqori bo‘lgan yangi loyihalarni amalga oshirishga taqiq qo‘yish taklif etilyapti. Mamlakatning barcha hududida joylashgan issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalarida yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanishni taqiqlash ham nazarda tutilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi loyihasi ko‘plab takliflarni o‘z ichiga olgan. Xususan, Ekologik partiya, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Fanlar akademiyasi va keng jamoatchilikning takliflarini inobatga olgan holda hayvonot dunyosi yo‘qotishlarining o‘rnini qoplash maqsadida 2025 yil 1 sentyabrdan 2028 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida ov qilishga moratoriy (cheklov) joriy qilinmoqda.
Bunda moratoriy fermalar, pitomniklar, inkubatorlar, baliqchilik pitomniklari va hovuz xo‘jaliklarida saqlanayotgan va (yoki) yetishtiriladigan yovvoyi hayvonlarni ovlash hamda sanitar maqsadlarda ov qilishga tatbiq etilmaydi.
Ovchilarga muqobil mashg‘ulot sifatida hududlarda o‘q otish sportiga ixtisoslashtirilgan maxsus poligonlarda xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Shaharlardagi tabiiy suv havzalari ixtiofaunasining populyatsiyasini qayta tiklash maqsadida respublikaning markaziy shaharlaridan oqib o‘tuvchi daryo va soylarda 2025 yildan boshlab har yili 15 tonnadan kam bo‘lmagan chavoqlantirish ishlari amalga oshirilishi ochiq suv havzalari hayvonot dunyosini yanada boyitishga xizmat qiladi.
Shuningdek, davlat dasturi loyihasida yiliga qo‘shimcha 2,5 mlrd. metr kub suvni tejashga erishish, 390 ming gektar qishloq xo‘jaligi yer maydonlarining suv ta’minotini yaxshilash ko‘zda tutilmoqda. Darhaqiqat, Yer sharining to‘rtdan uch qismini suv egallagan bo‘lsada, chuchuk suv zaxiralari yil sayin cheklanib bormoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, bugun sayyoramizning 2,5 mlrd.ga yaqin aholisi ichimlik suvi ta’minoti tanqis sharoitda yashamoqda. Suv tanqisligi muammosi Markaziy Osiyo mintaqasiga ham daxldor. Suv hayot manbai ekan, undan oqilona foydalanishimiz zarur.
Barchamizga ayonki, global iqlim o‘zgarishi, uglevorod xomashyosi zaxiralarining kamayishi butun dunyoda muqobil energetikani rivojlantirish choralarini ko‘rishni talab etmoqda. Keyingi sakkiz yilda O‘zbekiston “yashil” energetika ishlab chiqarish va undan foydalanishda ko‘zga ko‘rinarli yutuqlarga erishdi. Bu sohada bugunga kelib 3,5 ming megavattli yoki 10 milliard kilovatt-soatga teng 16 ta yirik quyosh va shamol elektr quvvati ishga tushirildi, shuning hisobiga 2024 yilda “yashil” energiya ulushi 16 foizdan oshirildi. Joriy yilgi davlat dasturi loyihasida aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida 2025 yil 1 apreldan boshlab chiqindilar utilizatsiyasi hisobiga hamda shamol va quyosh manbalaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun “yashil” tariflarni joriy qilish taklif etilyapti.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Saylovoldi dasturida sanoatda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish orqali energiya sarfini 50 foiz qisqartirish, 2030 yilgacha energiya balansida ekologik toza va qayta tiklanuvchan energiya manbalari ulushini kamida ikki karra oshirish, qayta tiklanuvchan energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan “Yashil energetika strategiyasi”ni ishlab chiqish va qabul qilishga doir tashabbuslar ilgari surilgan.
Bundan tashqari, yirik shaharlar atrofidagi chiqindi poligonlari bazasida xalqaro standartlarga mos keluvchi elektr stansiyalar qurish, bioko‘mir ishlab chiqarish va chiqindilarning energiya potensialidan unumli foydalanish, elektr ta’minoti uzilishlariga chek qo‘yish va aholini arzon energiya bilan ta’minlash chora-tadbirlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Mamlakatimiz umumiy energetik balansida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish ishlab chiqarish majmualari hamda aholini barqaror energiya bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Ishonchimiz komilki, davlat dasturi loyihasida yil davomida barcha yo‘nalishlarda amalga oshirilishi belgilanayotgan chora-tadbirlar, ustuvor vazifalar bilan aholining turli qatlami vakillari tanishib, o‘z fikr-mulohazalari, takliflarini bildiradi. Xalqimiz bilan maslahat qilish asnosida loyiha yanada mukammal ko‘rinish kasb etadi.
Baxtiyor Po‘latov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
deputati texnika fanlari doktori, professor.