Obod uy – farovon hayot
Prezident qarori – amalda
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 21-maydagi “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining Namangan viloyati bo‘limi tomonidan mahallalarda sayyor muruvvat tadbirlari amalga oshirildi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” ezgu g‘oyasini hayotga tatbiq etishda insonparvarlik, saxovat, shukronalik va bag‘rikenglik kabi olijanob fazilatlarni o‘zida ifoda qilgan qutlug‘ Qurbon hayiti g‘oyat ahamiyat kasb etmoqda. Binobarin, shunday fusunkor damlarda ijtimoiy davlat bo‘lgan Yangi O‘zbekistonda mehr-oqibatni kuchaytirish, yordamga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash, hech kimni mehr va e’tibordan chetda qoldirmaslikda bu ulug‘ bayram biz uchun kuch-g‘ayrat va ilhom manbai bo‘layotir.
“Mahalla” fondining “Obod uy – farovon hayot” shiori ostidagi xayrli ishlar uchun ajratilgan 50 million so‘m mablag‘i hisobidan viloyatdagi 10 ta kam ta’minlangan, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga moddiy yordam ko‘rsatilmoqda. Xususan, ehtiyojmand xonadonlardagi uy-joylarni ta’mirlash, farzandlari sog‘lom voyaga yetishlariga ko‘maklashuvchi sport jihozlari bilan ta’minlash va oilaning moddiy sharoitini yaxshilash uchun zamonaviy gaz plitalari taqdim qilindi.

Bundan tashqari, insonparvarlik loyihasi doirasida belgilangan hududlardagi mahalla “yettiligi” va faollari bilan birgalikda hashar uyushtirilib, ko‘ngilli kishilarning yordamida bir qator xonadonlar ta’mirlandi.
– Bundan yetti yilcha avval erim kutilmaganda kasallikdan vafot etgandan keyin uch kichik bolam bilan boquvchisini yo‘qotgan oilaga aylanib qoldik. O‘zimda ikkinchi guruh nogironligi mavjudligiga qaramasdan shirinlik tayyorlashni o‘rganib, to‘y va marosimlar uchun buyurtmalarni qabul qilib, ro‘zg‘or tebratib kelmoqdaman, – deydi Yangiqo‘rg‘on tumani Barkamol mahallasida istiqomat qiluvchi Jamila Otaboyeva. – Qurbon hayiti munosabati bilan “Mahalla” jamg‘armasi, hokimlik va mahalla fuqarolar yig‘inidan vakillar kelib, uy-joyimni ta’mirlashga yordam berishlarini aytishganda, ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Qurilish materiallari olishdan tortib, ustalarni chaqirishgacha bunyodkorlik ishlarida bosh-qosh bo‘lishdi. Qolaversa, menga qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishda asqatuvchi zamonaviy gaz plitasi va xamir qorish dastgohi, shuningdek, muzlatgich hamda boshqa zarur jihozlar hadya qilishdi. Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtda g‘amxo‘rlik topayotganimdan bag‘oyat minnatdorman.

E’tiborlisi shundaki, “Mahalla” fondi tomonidan muntazam ravishda olib borilayotgan savobli ishlar “O‘zbekiston-2030” strategiyasi dasturining “2026 – Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da belgilangan vazifalar ijrosiga hamohangdir.


Oqilxon Dadaboyev, O‘zA