Tabiat va inson uyğunligi: Yangi Özbekistonning ekologik xavfsizlik arxitekturasi
Insoniyat sivilizatsiyasi özining eng yuksak texnologik çöqqisiga kötarilgan XXI asrda kutilmagan paradoks bilan yuzma-yuz keldi, biz tabiatni özimizga böysundirişga uringanimiz sari u özining buzilgan qonuniyatlari orqali başariyatga jiddiy sinovlar yubormoqda.
Bugun dunyoning qaysi burçagiga nazar taşlamang, iqlim özgarişining aççiq nafasi seziladi. Anomal issiqlik tölqinlari, asriy muzliklarning çekinişi, içimlik suvi manbalarining qisqarişi va unumdor tuproqlarning tanazzulga uçraşi endilikda faqat ekolog olimlarning maʼruzalarida emas, balki millionlab insonlarning kundalik hayot tarzida öz aksini topmoqda. Tabiiyki, bunday global tahdidlar zanjiridan heç bir davlat çetda qola olmaydi.
Şu maʼnoda, Özbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMT Iqlim özgarişi töğrisidagi Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) doirasida ilgari surilgan strategik taşabbuslar nafaqat milliy manfaatlarimizni himoya qiliş, balki yagona taqdir va geografik makon birlaştirib turgan butun Markaziy Osiyoni ekologik böhronlardan asraşga qaratilgan tarixiy daʼvat böldi.

Agar mamlakatimizda sönggi yillarda amalga oşirilayotgan davlat siyosatining falsafasiga çuqurroq nazar taşlasak, unda iqtisodiy ösiş bilan ekologik barqarorlikni bir tarozi pallasida teng uşlaşga bölgan qatʼiy irodani köramiz. “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining dasturiy maqsadlarida ham insonning soğlom atrof-muhitda yaşaş huquqi muqaddas qadriyat sifatida eʼtirof etilgan. Zero, bugungi kunda Yangi Özbekistonda qurilayotgan taraqqiyot modeli tabiiy zaxiralarni ayovsiz istifoda etişga emas, balki ularni ilm-fan va “yaşil” texnologiyalar yordamida kelajak avlodlar uçun asrab-avaylaşga asoslangandir. Iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qiliş, yaʼni sanoat va energetika tarmoqlarida uglerod izini kamaytiriş borasida erişayotgan amaliy yutuqlarimiz sözimiz bilan işimiz bir ekanini butun dunyoga namoyiş etmoqda.
Bu boradagi aniq körsatkiçlarga eʼtibor qarataylik, davlatimiz yalpi içki mahsulot birligiga nisbatan issiqxona gazlari ajratmalarini 35 foizga qisqartiriş böyiça olgan global majburiyatini muddatidan avval bajarib, xalqaro hamjamiyat oldida işonçli hamkor ekanini isbotladi. Biroq zamon şiddati bu bilan çeklanib qolmaslikni talab etmoqda. Endigi marra yanada yuksak, 2035-yilga borib atmosferaga çiqariladigan zararli çiqindilar miqdorini teng yarmiga, yaʼni 50 foizga kamaytiriş maqsad qilingan. Bunday ulkan vazifani uddalaşning yagona oqilona yöli – bu, şubhasiz, muqobil energetika manbalariga keng yöl oçişdir. Ayni şu sababli yaqin tört yil içida yurtimizda işlab çiqariladigan elektr energiyasining 54 foizini aynan quyoş, şamol va suv kuçidan oliş böyiça investitsiyaviy loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Sir emaski, Markaziy Osiyo mintaqasining geografik joylaşuvi va iqlimiy xususiyatlari bizni global isiş oqibatlari oldida nihoyatda zaif va taʼsirçan holatga solib qöygan. Mintaqamizning “suv minoralari” hisoblangan toğ muzliklarining erişi va suv tanqisligi xavfining yil sayin ortib borayotgani obihayotning har bir tomçisiga strategik resurs sifatida qaraşni taqozo etmoqda. Özbekiston bu hayotiy masalada şunçaki kuzatuvçi emas, balki faol islohotçi va taşabbuskor davlat sifatida maydonga çiqdi.
Ötgan ön yillikda suv xöjaligi tizimini modernizatsiya qiliş va raqamlaştiriş hisobiga iqtisodiyotimizda suv sarfini deyarli ikki barobar qisqartirişga, tabiiy daryo va havzalardan olinayotgan suv miqdorini esa 20 foizga kamaytirişga erişildi. Ayniqsa, qişloq xöjaligida anʼanaviy va isrofgar suğoriş usullaridan voz keçilib, tomçilatib va yomğirlatib suğoriş kabi ilğor agrotexnologiyalarning joriy etilişi natijasida bugungi kunda mamlakatimizdagi ekin maydonlarining 60 foizi tejamkor tizimlar orqali obihayot bilan taʼminlanmoqda.
Iqlim barqarorligi haqida gap ketganda, bir vaqtlar umumsayyoraviy falokat ramziga aylangan Orol dengizi taqdiri köz öngimizda gavdalanadi. Bugun Özbekiston Orolning qurigan tubida millionlab gektar yaşil örmonzorlar barpo etiş orqali tabiat yarasini davolaş mumkinligini amalda körsatmoqda. Ayni paytda mamlakatimizdagi örmon fondi yerlari 6 million gektarga yetkazilgan bölsa, ana şu yaşil qalqonning naq uçdan bir qismi Orolböyi hududiga töğri kelişi çinakam fidoyilik va ekologik vatanparvarlik namunasidir. Kelgusi yilda Özbekistonning Orolni qutqariş xalqaro jamğarmasiga raislik qilişi esa mintaqadagi transçegaraviy suv resurslarini özaro hurmat va adolat tamoyillari asosida boşqarişda yangi sahifa oçişi şubhasiz. Şu bilan birga, mamlakatimizda 3 milliard dollardan ortiq sarmoya hisobiga “Çiqindilar bilan boğliq işlarni amalga oşiriş strategiyasi”ning hayotga tatbiq etilişi ekologik musaffolikni taʼminlaşda ulkan qadam böldi. Xususan, aholi ziç joylaşgan va sanoat salohiyati yuqori bölgan Toşkent şahri kabi yirik megapolislarimizda çiqindilarni saralaş, qayta işlaş va ulardan muqobil energiya oliş tizimining yölga qöyilişi şaharsozlik ekologiyasini butunlay yangi bosqiçga olib çiqadi.
Albatta, har qanday islohot va texnologiyaning muvaffaqiyati inson omiliga, jamiyatning maʼnaviy va intellektual yetukligiga borib taqaladi. Davlatimiz rahbari öz nutqida yoş avlodning ekologik tarbiyasi masalasiga alohida urğu bergani zamirida juda katta hikmat bor. Demografik nuqtai nazardan yurtimizning har beşinçi fuqarosi maktab öquvçisi yoki talaba ekanini hisobga olsak, biz bugun ularning ongiga tabiatga mehr uruğini qadasak, ertaga butun jamiyatning ekologik madaniyati yuksaladi. Ayni paytda oila, mahalla va taʼlim dargohlari örtasida yölga qöyilgan uzviy hamkorlik tufayli 2050-yilga borib Özbekiston aholisining 75 foizi atrof-muhitni muhofaza qiliş va tabiiy resurslarni asraş böyiça çuqur bilim hamda amaliy könikmaga ega bölişi maqsad qilingan.
Ekologik muammolar pasporti yoki çegarasi bölmagan global hodisadir. Unga qarşi kuraşda tarqoqlik emas, balki mintaqaviy jipslik suv va havodek zarur. Şu bois davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Markaziy Osiyoning Iqlim integratsiyasi modelini yaratiş taşabbusi mintaqa davlatlari örtasidagi hamkorlikni yangi sifat bosqiçiga olib çiqadi. Mazkur taşabbus uçta fundamental yönalişni öz içiga oladi: birinçisi Jahon meteorologiya taşkiloti kömagida tabiiy ofatlar va iqlim özgarişlaridan erta ogohlantiriş tizimini şakllantiriş, ikkinçisi tuproq eroziyasi va degradatsiyasiga qarşi kuraşiş hamda “Eco Expo” xalqaro körgazmasini mintaqaning doimiy ekologik investitsiyalar maydoniga aylantiriş, uçinçisi esa suv tanqisligi va çöllanişga qarşi kuraşiş uçun imtiyozli grantlar hamda zamonaviy “moviy” va “arid” moliyalaştiriş mexanizmlarini joriy etişdir.
Eng ahamiyatli jihati şundaki, xalqaro minbardan yangragan uşbu taşabbuslar milliy taraqqiyot dasturlarimiz bilan çambarças boğlangan. Jumladan, “Özbekiston – 2030” strategiyasida ekologik xavfsizlikni taʼminlaş, “yaşil” iqtisodiyotga ötişni jadallaştiriş va suv resurslari taqçilligining oldini oliş davlat siyosatining eng ustuvor yönalişlaridan biri sifatida mustahkamlab qöyilgan. Hujjatda sanoat korxonalarida ekologik toza texnologiyalarni joriy etiş orqali atmosferaga çiqarilayotgan zaharli moddalarni keskin kamaytiriş, qişloq xöjaligida suv tejovçi tizimlarni kengaytiriş orqali kelajak avlodlar uçun suv zaxiralarini kafolatlaş, şuningdek, urbanizatsiya jarayonlari şiddatli keçayotgan şaharlarimizda ekologik muvozanatni saqlaş maqsadida “Yaşil makon” umummilliy loyihasi doirasida yangi boğ va xiyobonlar barpo etiş vazifalari aniq belgilangan.
Bugungi global iqlim özgarişlari davrida tabiatni asraş – şunçaki xayriya yoki mavsumiy tadbir emas, balki millatning yaşab qolişi va barqaror rivojlanişi masalasidir. Prezidentimizning COP31 sammitida ilgari surgan keng qamrovli taşabbuslari Markaziy Osiyo mintaqasida ekologik birdamlik muhitini mustahkamlaşga, mamlakatimizdagi “yaşil” islohotlarning esa yanada jadal surʼat olişiga xizmat qiladi. Biz, siyosiy partiya faollari, deputatlar va keng jamoatçilik vakillari uşbu tarixiy maqsadlar yölida birlaşib, jamiyatda ekologik qonunçilik ustuvorligini taʼminlaş va yoş avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik tuyğusini şakllantirişda bor kuç-ğayratimizni safarbar etamiz. Zero, farzandlarimizga yaşil va obod Vatanni meros qoldiriş – bizning eng uluğ insoniy va fuqarolik burçimizdir.
Muharram DADAXÖJAYEVA,
“Adolat” SDP Toşkent şahar kengaşi raisi.
ÖzA