Suyagi dalada qotgan chinakam dehqon-fermer
Qishloq xo‘jaligida natija bir kunda yaratilmaydi. Yerga urug‘ qadalganidan to hosil yig‘ib olinguncha bo‘lgan jarayonlarda fermerdan puxta bilim, katta tajriba, sabr-toqat, ulkan mas’uliyat va eng muhimi, o‘z kasbiga mehr talab etiladi. Zero, dehqon mehnati nafaqat bir xo‘jalik yoki bir oila, balki butun jamiyat dasturxoni farovonligi bilan chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda, yoshligidan suyagi dalada qotgan chinakam dehqon-fermer Ilhomjon Ziyoviddinov ko‘p yillardan buyon qishloq xo‘jaligida samarali mehnat qilib kelmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini jadal rivojlantirish, fermerlik harakatini qo‘llab-quvvatlash, soha vakillari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning yorqin samarasi esa ilg‘or dehqon va fermerlarimiz faoliyatida o‘z ifodasini topmoqda.
Yerga mehr, mehnatga sadoqatning yuksak e’tirofi hamda ko‘p yillik samarali mehnatlari va soha taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissalari uchun Namangan tumanidagi “Navbahor namunasi” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Ilhomjon Ziyoviddinov Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan Prezidentimiz farmoniga asosan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoniga munosib ko‘rilgani namanganlik agrar tarmoq fidoyilarining mehnatiga berilgan ulkan baho bo‘ldi.

Qishloq xo‘jaligida natija bir kunda yaratilmaydi. Yerga urug‘ qadalganidan to hosil yig‘ib olinguncha bo‘lgan jarayonlarda fermerdan puxta bilim, katta tajriba, sabr-toqat, ulkan mas’uliyat va eng muhimi, o‘z kasbiga mehr talab etiladi. Zero, dehqon mehnati nafaqat bir xo‘jalik yoki bir oila, balki butun jamiyat dasturxoni farovonligi bilan chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda, yoshligidan suyagi dalada qotgan chinakam dehqon-fermer Ilhomjon Ziyoviddinov ko‘p yillardan buyon qishloq xo‘jaligida samarali mehnat qilib kelmoqda.
Mutaxassislik kasbi agronom bo‘lgan fermer 44,1 gektar ekin maydonida g‘alla va paxtadan mo‘l hosil yetishtirib, nafaqat Namangan viloyati, balki vodiyda eng ilg‘orlar safida yuradi. Yerga ishlov berishdan tortib, ekinlar parvarishi, sug‘orish va hosilni yig‘ishtirish jarayonlarida yuqori unumdor texnikalardan foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda ilmiy yondashayotganligi muvaffaqiyatlar garovi bo‘lmoqda.

Joriy yilda g‘allachilikda har gektaridan 100 sentnerdan ortiq hosil olingan bo‘lsa, paxtachilikda ham katta maqsadlar rejalashtirilgan. Bugun 18 gektar maydondagi g‘o‘za chaman ochilib, hosil cho‘g‘i baland bo‘lishidan darak bermoqda. Demak, “Navbahor namunasi” joriy yildagi “oq oltin” mavsumida namanganlik bobodehqonlar orasida peshqadamlar qatorida bo‘lishi shubhasiz.
Qayd etish darkor, 2007-yildan buyon yuritib kelinayotgan xo‘jalikning nomi – “Navbahor namunasi”da chinakamiga namuna bo‘lishdek ham ezgu niyat, ham mas’uliyat mujassam. Binobarin, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligini boshqarish oson yumush emas. Bunda yer unumdorligini saqlash, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish, mehnatni to‘g‘ri tashkil etish, mahsulot yetishtirish bilan birga iqtisodiy samaradorlikni ta’minlash kabi ko‘plab vazifalar uyg‘unlashadi. Xo‘jalikda faqatgina g‘alla va paxta bilan chegaralanib qolmasdan, pilla, qolaversa, g‘alladan bo‘shagan yerlarga takroriy ekinlar va chorva ozuqasi hamda sabzavot mahsulotlari yetishtiriladi.

Shu ma’noda, Ilhomjon Ziyoviddinovning rahbarlik faoliyatini fermerlikning bugungi talablari bilan hamohang mehnat maktabi sifatida baholash mumkin. Xo‘jalikning ko‘p tarmoqli yo‘nalishda tashkil etilgani esa qishloq xo‘jaligida birgina yo‘nalishga emas, balki mavjud resurs va imkoniyatlarni keng qamrovda ishga solishga intilishni anglatadi.
– Yangi O‘zbekistondagi islohotlar kecha va bugunni taqqoslash, fikrlash imkonini bermoqda. Fermer xo‘jaligimizni ikki ishchi va bitta eski traktor bilan boshlaganmiz. Xatto yetishtirilgan mahsulotlarimiz haqini o‘z vaqtida ololmagan davrni boshdan kechirganmiz. Oxirgi o‘n yilda barcha sohalar qatorida qishloq xo‘jaligida, ayniqsa, fermer xo‘jaliklari uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatlar va g‘amxo‘rliklar yaratildi, buni sanab sanog‘i yetolmaysan kishi, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi – Namangan tumanidagi “Navbahor namunasi” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Ilhomjon Ziyoviddinov. – Buni biz fermerlar har tomonlama – ham iqtisodiy, ham ma’naviy jihatdan his etmoqdamiz. Yuksak ehtiromning birgina misolida sifatida aytish darkor, faoliyatimizdagi iqtisodiy o‘sishlar tufayli oxirgi uch yil davomida kredit olishga ehtiyojimiz bo‘lmadi. Birja orqali sotilgan paxta hosilimiz qiymati hisobidan 10 foiz subsidiya – 117 million so‘m mablag‘ taqdim qilindi. Bu fermer uchun juda katta iqtisodiy imkoniyat, ko‘mak degani.

Darhaqiqat, bugun fermerdan faqat yerga ishlov berish emas, balki zamonaviy iqtisodiy fikrlash ham talab etiladi. Suv tejovchi texnologiyalardan oqilona foydalanish, mehnat unumdorligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash, bozor talabini hisobga olish – bularning barchasi zamonaviy fermerning kundalik vazifalariga aylangan. Shunday sharoitda yillar davomida xo‘jalikni boshqarib, sohada o‘z o‘rniga ega bo‘lishning o‘zi katta tajriba maktabidan dalolat beradi. Yerni asragan – elni asraydi. Qishloq xo‘jaligining o‘ziga xosligi shundaki, bu sohada mehnatning natijasi tabiat, vaqt va inson omili uyg‘unligida yuzaga chiqadi. Shuning uchun haqiqiy fermer o‘zini yerning egasi emas, balki uning mas’ul posboni deb bilishi kerak.

Zamonaviy texnika va ilmiy asoslangan ilg‘or agrotexnologiyalardan oqilona foylanib, yerga mehru muhabbat bilan mehnat qilayotgan “Navbahor namunasi” xo‘jaligi rahbariga berilgan yuksak unvon kelgusida ishga bo‘lgan mas’uliyatni yanada oshiradi. Endi uning har bir tashabbusi, har bir ish natijasi nafaqat xo‘jalik, balki sohadagi ilg‘or tajriba sifatida baholanishi tabiiy. Zero, fermerning haqiqiy yutug‘i – faqat raqamlarda emas, uning samarasi yerning unumdorligi, yetishtirilgan mahsuloti, yaratilgan mehnat imkoniyatlari va eng asosiysi, ertangi kunga ishonchida ko‘zga tashlanadi.
Ta’kidlash joizki, Ilhomjon Ziyoviddinov nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki davlat va jamoat ishlarida o‘zining ijtimoiy-siyosiy faolligi bilan ajralib turadi. Namangan tumanidagi “35-Navro‘z” saylov okrugida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzodi qo‘yilgan qahramonimiz bugungi kunda viloyat Kengashi deputati sifatida saylovchilarning ishonchini qozonib kelmoqda. Xalq noibi tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb masalalar ijrosi nafaqat Namangan tumanida, balki viloyatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin tutishi bilan g‘oyat ahamiyat kasb etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.