Mentor-tarbiyachilar bilim va malakasini oshirdi
Samarqandda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) hamda Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlikda maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglarining uzluksiz kasbiy rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan milliy murabbiylar va trener-mentorlar uchun mintaqaviy trening o‘tkazildi.
Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida faoliyat yuritayotgan 30 nafar milliy trener va trener-mentorlar ishtirok etgan tadbirda mentorlik davrining muhim bosqichlari – mashg‘ulot jarayonini samarali kuzatish, kuzatuv natijalarini tahlil qilish, refleksiv muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda pedagoglarga konstruktiv va rivojlantiruvchi fikr-mulohaza berish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar mustahkamlandi.
Ishtirokchilar nazariy bilimlarni amaliy topshiriqlar, vaziyatli mashqlar va real mentorlik jarayonlariga yaqin ssenariylar orqali sinovdan o‘tkazdi.
Ayniqsa, mentor va pedagog o‘rtasidagi samarali muloqot, xolis kuzatuv va pedagogik faoliyatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan fikr-mulohaza berish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Seminar-trening yakunida Islom taraqqiyot banki mintaqaviy markazi rahbari Hammad Hundal, YUNICEFning O‘zbekistondagi ta’lim bo‘yicha rahbari Alberto Biancoli, YUNICEFning O‘zbekistondagi vakili Regina Mariya Kastillo, shuningdek, maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ullari ishtirok etib, mazkur o‘quv maktabgacha ta’lim tizimida mentorlik institutini yanada rivojlantirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish va ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim amaliy qadam bo‘lganini ta’kidladi. Trening ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi.


Tadbir doirasida Islom taraqqiyot banki va YUNISEF mas’ullari Samarqand shahridagi 13-umumta’lim maktabi va 67-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lib, ta’lim-tarbiya jarayoni, o‘quvchilar va tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar va ta’lim sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.


Shuningdek, mehmonlarga SmartED loyihasi doirasida joriy etilayotgan yangi maktabgacha ta’lim o‘quv dasturi, jumladan, “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi asosida amalga oshirilayotgan zamonaviy va inklyuziv ta’lim yondashuvlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri