Suvni birgalikda asraymiz!
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi tashabbusi bilan Ipak yo‘li innovatsiyalar universitetida “Suvni birgalikda asraymiz” shiori ostida ekologik targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda qayd etilganidek, so‘nggi yillarda global miqyosda suv resurslariga bo‘lgan talabning ortishi, iqlim o‘zgarishi va demografik bosim suv ta’minoti masalasini strategik ahamiyatga ega muammolar qatoriga kiritmoqda.
Ayniqsa, qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil hududlarda joylashgan davlatlar uchun suv resurslarini samarali boshqarish dolzarb ilmiy-amaliy vazifa sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Ilmiy va statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha suv iste’moli tabiiy qayta tiklanish sur’atidan tezroq o‘smoqda. Markaziy Osiyoda ham suv muammosi dolzarb hisoblanadi. O‘zbekistonda suv iste’moli mavjud resurslarga nisbatan 123 foizni tashkil etadi.
Bu mamlakat o‘z tabiiy suv zaxiralaridan ortiqcha foydalanayotganini ko‘rsatadi. Suvning qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligi sohasiga to‘g‘ri keladi, shu sababli suvdan samarali foydalanish juda muhim.
Tadbir davomida talabalar o‘rtasida suv resurslariga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirish, ekologik madaniyatni oshirish maqsadida targ‘ibot ishlari olib borildi hamda maxsus brendlangan idishlar tarqatildi.

Mazkur tashabbus orqali talabalar suvni tejash, isrofgarchilikning oldini olish va ekologik mas’uliyatni kundalik hayotiga tatbiq etishga undalmoqda.
Suvni tejash nafaqat ekologiya, balki iqtisodiyotimiz uchun ham muhim.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA