Toshkentda o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlar yuzasidan nazorat kuchaytirildi
Toshkent shahrida yerdan noqonuniy foydalanish va o‘zboshimchalik bilan yer egallash holatlarini aniqlash bo‘yicha keng ko‘lamli nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning o‘tgan to‘rt oyi davomida o‘tkazilgan yer nazorati tadbirlari natijasida jami 997 ta holatda 13,9 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingani aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, eng ko‘p huquqbuzarlik holatlari Sergeli, Olmazor, Yakkasaroy hamda Shayxontohur tumanlarida qayd etilgan.
Mutaxassislar tomonidan olib borilgan tushuntirish ishlari samarasida 581 ta holat bo‘yicha fuqarolar ixtiyoriy ravishda qonunbuzilishlarni bartaraf etgan. Natijada 5 gektar yer maydoni qonuniy holatga qaytarilgan.
Shuningdek, yer uchastkalarini davlat zaxirasiga qaytarish va noqonuniy qurilgan inshootlarni bartaraf etish yuzasidan 243 ta holat bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilgan. Ushbu holatlar 4,6 gektar yer maydoni bilan bog‘liq ekani qayd etildi.
Nazorat tadbirlari davomida ayrim holatlarda jinoyat alomatlari ham aniqlangan. Xususan, 4 ta ish hujjati belgilangan tartibda huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, aniqlangan holatlar O‘zbekiston Respublikasining yer munosabatlarini tartibga soluvchi 937-sonli qonuni talablariga zid bo‘lgani sababli mazkur hududlarda yer va kadastr nazorati tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA