Suvdan oqilona foydalanish barchaning burchi
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson qadrini yuksaltirish, aholi farovonligini ta’minlash, ekologik barqarorlikni mustahkamlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish kabi ustuvor maqsadlarga qaratilgan.
So‘nggi yillarda suv ta’minoti tizimini takomillashtirish, iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, hisob-kitoblarni shaffoflashtirish va suv resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Biroq sohada erishilayotgan natijalar bilan bir qatorda, belgilangan tartib va qoidalarga rioya qilmaslik holatlari ham uchrab turibdi. Navoiy viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi tomonidan ichimlik suvi tarmoqlaridan foydalanish holati bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida qator muammolar aniqlandi.
Jumladan, joriy yilning yanvar-avgust oylarida aholining markazlashgan ichimlik suvi tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanishi bo‘yicha 297 ta holat aniqlangan. Qoidabuzarlarga nisbatan jami 1 milliard 161 million so‘mdan ortiq ma’muriy jarima qo‘llanilgan.

– Suvdan foydalanishda suv hisoblagichlarining butligiga rioya qilish muhim. Iste’molchi o‘ziga o‘rnatilgan hisoblagich va nazorat plombalarining saqlanishi uchun mas’ul ekanini yaxshi anglashi lozim. Bu talablar, avvalo, hisob-kitoblarning adolatli va shaffof bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi, – deydi inspeksiya bosh mutaxassisi To‘xtasin Xo‘jamov. – Nazorat tadbirlari davomida Navoiy shahrining Binokor mahallasida yashovchi fuqaro xonadonida suv hisoblagichiga qasddan shikast yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, Karmana tumani Allon mahallasida yashovchi fuqaro tomonidan suv ta’minoti korxonasini ogohlantirmasdan, tegishli hujjatlarsiz yangi hisoblagich o‘rnatib olingani aniqlangan. Eski hisoblagich bo‘yicha billing tizimida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida yuqori miqdorda qarzdorlik mavjudligi ham ma’lum bo‘lgan. Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 163-moddasi birinchi qismiga asosan ma’muriy jarima rasmiylashtirilgan.
Suvdan noqonuniy foydalanishga qarshi kurashishda faqat jazo choralariga tayanishning o‘zi yetarli emas. Eng muhimi, aholi o‘rtasida huquqiy va ekologik madaniyatni oshirish, suvning haqiqiy qadrini tushuntirish, har bir iste’molchining o‘z mas’uliyatini anglashiga erishishdir.

Shu ma’noda sohadagi islohotlarning yana bir muhim yo‘nalishi nazorat va hisobdorlik mexanizmlarini takomillashtirishdir. Suvdan foydalanish hajmini aniq hisobga olish, zamonaviy hisoblagichlardan foydalanish, raqamli texnologiyalarni joriy etish va billing tizimlarini takomillashtirish orqali sohada shaffoflikni ta’minlash mumkin. Byudjet tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar ham bu masalaning dolzarbligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, 330 ta byudjet tashkilotida o‘tkazilgan tekshiruvlarda 27 ta kamchilik aniqlanib, ular bo‘yicha qariyb 108 million so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Demak, suvdan oqilona foydalanish talabi faqat aholiga emas, balki barcha tashkilot va muassasalarga ham birdek taalluqlidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri