Suv xo‘jaligi vaziri jamoatchilik va OAV vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
Bugungi kunda suv resurslaridan oqilona foydalanish, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish hamda jamoatchilik bilan ochiq muloqotni kuchaytirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Global iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi kuchayib borayotgan sharoitda bu masalalarning ahamiyati yanada ortib boryapti.
Shu maqsadda suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, sohaviy va hududiy fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Tadbir avvalida vazir suv xo‘jaligi sohasidagi eng muhim yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar va istiqboldagi vazifalar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, global iqlim o‘zgarishi, havo haroratining oshishi va boshqa omillar ta’sirida bugungi kunda dunyo miqyosida suv resurslari taqchilligi tobora kuchayib bormoqda. Bu jarayon Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, mamlakatimiz suv xo‘jaligi tizimi oldiga ham yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Shu bois, suvdan oqilona va samarali foydalanish, mavjud resurslarni asrab-avaylash hamda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosini ta’minlash natijasida mamlakatimizda suv tanqisligi oqibatlarini yumshatish, aholini belgilangan muddat va hajmlarda suv resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha muhim natijalarga erishilmoqda. Xususan, 2025-yilda 258 ta ob’ektda (shundan 217 tasi irrigatsiya va 41 tasi melioratsiya sohasida) 1 trillion 663 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, 723 kilometr kanal betonlashtirildi. Shuningdek, 158 kilometr sug‘orish hamda 303 kilometr kollektor-drenaj tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bajarildi. Bundan tashqari, 20 ming kilometrdan ortiq ichki sug‘orish tarmoqlari betonlashtirildi. Amalga oshirilgan mazkur ishlar natijasida 364 ming gektar yerning suv ta’minoti yaxshilandi, 500 million kub metrdan ortiq suv yo‘qotilishining oldi olindi. Shu bilan birga, 100 ming gektardan ziyod yerlarning meliorativ holati yaxshilanib, sho‘rlangan maydonlar 24 ming gektarga qisqartirildi, – deya ta’kidladi vazir.

Muloqot davomida sohani modernizatsiya qilish va boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratilgan qator yo‘nalishlar xususida ham ma’lumot berildi. Jumladan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, nasos stansiyalarida energiya tejamkorligini ta’minlash, mavjud suv zaxiralarini samarali boshqarish, tuman “Suv yetkazib berish xizmatlari” faoliyatini takomillashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, raqamlashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, kadrlar siyosati va ilm-fan hamda ishlab chiqarish integratsiyasi masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida suv xo‘jaligi sohasida erishilgan kelishuv va memorandumlar, suv fondi yerlarini ijaraga berishning yangi mexanizmlari, baliqchilikni rivojlantirish, loyiha tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.

Tadbirda sohada amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda kelgusidagi reja va vazifalar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Ayniqsa, davlat organlari va jamoatchilik o‘rtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlash, fuqarolarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash soha taraqqiyoti uchun muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tadbirda “Yuksalish” umummilliy harakati rais o‘rinbosari Davronbek Lutfiddinov, “Istiqbolli avlod” respublika ijtimoiy-axborot markazi NNT boshqaruv raisi o‘rinbosari, Jamoatchilik kengashi a’zosi Shohida Qosimova hamda “O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi” jurnali bosh muharriri Tohir Doliyev sohani yanada rivojlantirishga oid taklif va mulohazalarini bildirdi.

Tadbir yakunida vazir jurnalistlarning savollariga atroflicha javob berdi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA