Suv xo‘jaligi tizimi xodimlari “Zakovat”da kuch sinashmoqda
Bugun poytaxtimizda Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘yicha “Mustaqillik kubogi” turniri tashkil etildi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan mazkur bellashuvda respublika tizim tashkilotlari hamda hududiy bosqichlarda g‘olib bo‘lgan 22 ta jamoa ishtirok etyapti.
Intellektual bahslarda ishtirokchilar mantiqiy va tanqidiy fikrlash, tezkor qaror qabul qilish, keng dunyoqarash hamda bilim salohiyatini namoyon etmoqda. Savollarga javob topish asnosida jamoalar nafaqat bilim va zukkoligini, balki hamjihatlik va birgalikda qaror qabul qilish mahoratini ham sinovdan o‘tkazyapti.

Vazirlik axborot xizmati rahbari Shuhrat Suyunovning ta’kidlashicha, bunday intellektual musobaqalar tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bilan birga, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
– Bugungi kunda bilimli, keng dunyoqarashga ega va tezkor fikrlaydigan kadrlar har bir sohaning rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. “Zakovat” kabi bellashuvlar xodimlarning intellektual salohiyatini namoyon etishi, yangi bilimlarga qiziqishini oshirishi va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlashi bilan ahamiyatli. Turnirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsadlardan yana biri – tizim xodimlari o‘rtasida kitobxonlik, izlanish va bilimga intilish muhitini rag‘batlantirish, iqtidorli ishtirokchilarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat, – dedi Sh.Suyunov.

Musobaqa yakunida eng yuqori natija qayd etgan jamoalar aniqlanib, g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlanadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA