Suv tanqisligini yumshatish bilan bog‘liq chora-tadbirlarga 60 milliard so‘m yo‘naltiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Irrigatsiya tizimlarida suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda suv tanqisligining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining suv tanqisligining oldini olish bilan bog‘liq chora-tadbirlar uchun ajratilgan mablag‘ hisobidan:
suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari orqali sug‘orish uchun suv hovuzlarini qurish ishlariga 60 milliard so‘m;
suv tanqsligini yumshatish bilan bog‘liq chora-tadbirlarga 60 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Qaror bilan:
Kanallarni betonlashtirish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha 2026-yilda qo‘shimcha amalga oshiriladigan loyihalarning manzilli ro‘yxati;
Suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari orqali sug‘orish uchun 2026-yilda quriladigan suv hovuzlarining manzilli ro‘yxati;
Suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha 2026-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Ushbu karorda nazarda tutilgan loyihalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi hududiy “Suvqurilishinvest” davlat muassasalari buyurtmachiligida suv xo‘jaligi ekspluatatsiya tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hududiy “Suvqurilishinvest” davlat muassasalari bilan birgalikda:
uch kun muddatda loyihaoldi birlamchi hujjatlarni rasmiylashtiradi;
o‘n kun muddatda loyiha tashkilotlarini aniqlab, ular bilan shartnomalar tuzadi va moliyalashtirish ishlarini tashkil qiladi;
loyiha tashkilotlari aniqlangandan so‘ng ikki oy muddatda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqib, ekspertiza xulosalarini oladi;
ekspertiza xulosalari olingan ob’ektlar uch hafta muddatda bosh pudrat tashkilotlarini aniqlab, qurilish-montaj ishlarini boshlaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda o‘n kun muddatda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘orilmaydigan lalmi, tashlandiq (bo‘z) yerlar, pichanzor va yaylovlardan 2 gektargacha yer uchastkasini suv hovuzlari qurish uchun belgilangan tartibda ajratib berilishini ta’minlaydi.
Betonlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun kanallarda vaqtincha suv ochish va yopish reja-grafiklari tasdiqlanib, pudrat tashkilotlariga ish fronti yaratiladi va unga qat’iy rioya etilishi ta’minlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining tizimidagi tashkilotlar tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida loyihalar doirasida kanallarning qirg‘oqlaridagi o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni ko‘chirish, zarur hollarda kesish ishlari belgilangan to‘lovlardan ozod etiladi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sug‘orishda suv yo‘qotishlarini kamaytirish va suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2026-yil 5-martdagi PQ-79-son muvofiq Suv xo‘jaligi vazirligiga joriy yilda respublika byudjetidan qo‘shimcha 600 milliard so‘m, shundan:
kanallarni betonlashtirish va rekonstruksiya qilish uchun 480 milliard so‘m;
suv tanqisligining oldini olish bilan bog‘liq chora-tadbirlar uchun 120 milliard so‘m ajratilgan edi.
O‘zA